Yapon jurnalistlari Moskvadagi G‘alaba paradida KXDR harbiylari ham ishtirok etishini ma’lum qildi

Jahon 18:48 2168

Shimoliy Koreya harbiylari 9 may kuni Moskvada o‘tkaziladigan G‘alaba paradida ishtirok etadi. Bu haqda Yaponiyaning NHK nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, KXDR harbiylarining paradda ishtirok etishiga oid qaror allaqachon qabul qilingan. Ularning ta’kidlashicha, gap o‘nlab harbiy xizmatchilar haqida ketmoqda.

NHK’ning boshqa manbalari esa avgust oxirida Shimoliy Koreya harbiy orkestri Moskvadagi musiqiy tadbirda ishtirok etishini ma’lum qilgan.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya harbiylari Moskvadagi G‘alaba paradida birinchi marta qatnashadi.

Oldinroq Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkaziladigan paradga tayyorgarlik boshlab yuborilganini ma’lum qilgandi. Belousovning aytishicha, paradga 19 ta «do‘st» davlatning harbiy bo‘linmalari taklif qilingan va hozircha ularning 10 tasi o‘z ishtirokini tasdiqlagan. «Meduza» nashrining qayd etishicha, Vladimir Putin paradda AQShdan ham kimdir ishtirok etishini kutmoqda.

Hozirda Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tomonida KXDR harbiylari ham ishtirok etmoqda. Ukraina, Janubiy Koreya va AQSh baholariga ko‘ra, Shimoliy Koreya hukumati Rossiyaga yordam uchun 10-12 ming harbiysini yuborgan. 2024 yil dekabrida Janubiy Koreya razvedkasidagilar harbiy harakatlar vaqtida kamida 100 nafar shimoliy koreyalik halok bo‘lgani, mingga yaqini jarohatlanganini xabar qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: