Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga Vengriya, Germaniya, Slovakiya va AQSh qarshilik bildirmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ukraina yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevda yuqoridagi to‘rtta davlat rahbariyati bilan NATOga qo‘shilish mavzusida «ochiq muloqot» bo‘lib o‘tgan.
«AQSh, Vengriya, Slovakiya, Germaniya. Ular bizni NATOda ko‘rishni istamadi», — deydi u.
Zelenskiyning aytishicha, alyansning ushbu a’zolarini har birida Ukrainani ittifoq tarkibida ko‘rishni istamaslik uchun «o‘z sabablari» bor. Ukraina prezidenti, shuningdek, Kiyev o‘ziga xavfsizlik kafolatlari berilishini talab qilayotganini eslatib o‘tgan.
2022 yil fevralda Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib, Zelenskiy Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish arizasini bergan, yozda esa mamlaakt nomzod maqomini olgan.
Ukraina hukumati, shuningdek, NATOga a’zo bo‘lish rejalarini Konstitutsiyaga ham mustahkamlab qo‘ygan. 2020 yil iyunda Kiyev o‘z qo‘shinlarining alyans kuchlari bilan o‘zaro hamkorligini oshirish imkonini beradigan sherik maqomini qo‘lga kiritgan edi.
NATO bir necha bor Ukrainaning blokka a’zoligi muqarrar ekanini ma’lum qilgan, jumladan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham bu haqida gapirgan. Ammo qator davlatlar Kiyevning blokka qo‘shilishiga qarshi. Xususan, Polsha TIV rahbari Radoslav Sikorskiy Ukrainani NATOga taklif qilish masalasi murakkab ekani, chunki bu Rossiya bilan urushga olib kelishi mumkinligini aytgan. Lyuksemburg, Belgiya va Ispaniya ham Kiyevning alyans a’zoligiga taklif qilmaslikni ma’qul ko‘rgan.
Rossiya ham Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lishiga qarshi. 2024 yil iyunda RF prezidenti Vladimir Putin Kiyev bilan tinchlik muzokaralarini boshlash uchun Ukraina alyansga qo‘shilish niyatidan voz kechishi kerakligini bildirgandi.