Koreyslar Kurskda shiddat bilan urushmoqda. Nega?

Jahon 23:58 / 16.01.2025 2428

Esingizda bo‘lsa, 2022 yil bahorida har kuni urush haqida videolar qilardik. Ayniqsa Yevgeniy Prigojin yutubning chinakam yulduziga aylangandi. Anchadan buyon Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida video qilmayotgandik. Keling, bugun «SVO»dagi bir qiziq voqea haqida gaplashsak.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kurskda asir olingan ikki shimoliy koreyalik harbiyning tergov videosini e’lon qilganini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Bu ikki koreys yigitiga bir necha yil oldin «Sen hali tovarish Kimning buyrug‘i bilan Rossiyaga urushga ketib, Rossiya hududida ukrainlar tomonidan asir olinasan, keyin o‘sha Ukraina prezidenti seni katta o‘lja sifatida ko‘rsatadi» deyishsa, yigit bechora o‘sha odamni jinniga chiqargan bo‘lardi. Axir Shimoliy Koreyada odamlar mamlakatdan chiqmaydi hisob, Xitoyga borib kelishning o‘zi bir mashaqqat. Lekin taqdir charxpalagi shunaqa narsa: hech kim men yertaga falon ishni qilaman yoki qilmayman deya olmaydi.

Xullas, ma’lum bo‘lishicha, ukrainlar bu ikki koreysni qo‘lga olish uchun jiddiy mehnat qilishgan. Ularni lazaretdan olib qochishgan desa ham bo‘ladi. Hatto bu faktni rossiyalik propagandachi Olga Skabeyeva ham tasdiqlab qo‘ydi. Ukrainlar bejizga bunday qilishmadi, ular shu tariqa dunyo hamjabiyatiga Ukrainaga qarshi Rossiya tomonda turib shimoliy koreyalik harbiylar urushayotganini isbotlashdi. To‘g‘ri, bu haqda AQSh va Ukraina xabar berib bo‘lgan, hatto shimollik harbiylarning videolari ham tarqalgandi. Lekin ularni qo‘lga olib ko‘rsatishdek isbot yo‘q yedi. Rossiya va Shimoliy Koreya yesa rasman koreys harbiylari Ukrainaga qarshi urushayotganini tan olmaydi.

Janubiy Koreya razvedkachilari so‘roq qildi

Shimoliy Koreya Rossiyaga qo‘shin yuborishi ma’lum bo‘lgach, Janubiy Koreya Ukrainaga shimolshunos razvedkachilarini yuborishi aytilgandi. Ikki asirni aynan janublik razvedkachilar ukrainlar bilan birga so‘roq qilishgan.

Asirlarga Rossiyada tug‘ilgan boshqa odamlar nomiga harbiy bilet rasmiylashtirilgan. Xususan, bitta bilet 1998 yilda tug‘ilgan tuvalik Antonin Aranchin nomiga berilgan. Asirlardan biri 2005 yilda tug‘ilgani, 3 yildan buyon KXDR armiyasida o‘qchi bo‘lib xizmat qilayotganini aytgan. Asirlar Rossiyaga urushga deb yemas, mashg‘ulotga deb yuborilganini aytgan. Ulardan biri vataniga qaytishni istamasligi, Ukrainada qolishni xohlayotgani iqror bo‘lgan.

Endi gapimizning asosiy joyiga yetib keldik. Ukrainalik harbiylar shimoliy koreyaliklar qanday urushayotgani haqida aytib berishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, koreyslar juda intizomli, sodiq va qo‘rqmas. Ular hatto minalangan maydonlarda, artilleriya zarbalari va dronlar ta’qib qilayotgan holatda ham shturmga boraverishadi. Natijada ular bir nechta yorib o‘tishlarni amalga oshirishgan.

Bu ta’riflardan esa bir xulosa kelib chiqadi: koreyslar kuchli motivatsiya bilan jang qilishmoqda. Rossiya hukumati o‘z fuqarolariga urushga borishi uchun 4 million rublgacha bir martalik to‘lov, 300, 400 ming rubl maosh taklif qilmoqda, lekin shunda han voyenkomatlar to‘lib toshayotgani yo‘q.

Lekin Kim Chen In buyrug‘i bilan o‘zga yurtda urushayotgan koreys yigitlar jonini ayamay minalangan maydon bo‘ylab shturmga o‘tmoqda. Dahshat, shundaymi? Ularni qanday ruhlantirishganini bilmaymiz. Balki tovarish Kim ular Amerikaga qarshi urushayotganini aytgandir, bunday variantni bemalol taxmin qilsa bo‘ladi.

Ha, o‘rtoqlar urushda motivatsiya juda ko‘p narsani hal qiladi. Sizda ishtiyoq bo‘lmasa urusholmaysiz. Motivatsiya esa kimda bo‘lishini bilasiz...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi vo montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: