Yaponiyalik olimlar 65 yoshdan oshgan 8766 kishining ma’lumotlarini tahlil qildi. Ular MRT natijalari yordamida ko‘k choy iste’moli va bosh miya holati o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi, deb xabar bermoqda Medical Xpress nashri.
Tahlil jarayonida miya oq moddasidagi shikastlanishlar sonining kamayishi va yashil choyni muntazam iste’mol qilish o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik aniqlangan. Xususan, har kuni ushbu ichimlikni uch piyola (600 ml) ichgan keksalarda oq moddaning zararlanishi, bir piyola (200 ml) bilan cheklanganlarga nisbatan 3 foizga kamroq ekani ma’lum bo‘lgan. Kuniga 7-8 piyola choy ichganlarda esa bunday buzilishlar soni bir piyola bilan cheklangan guruhga nisbatan 6 foizga kam bo‘lgan.
Tadqiqot doirasida ko‘k choy iste’moli va gippokamp (miyaning qisqa muddatli xotira vazifasini bajaruvchi qismi) yoki bosh miyaning umumiy hajmi o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik aniqlanmadi. Bundan tashqari, ushbu ichimlik depressiyadan aziyat chekadiganlar va Alsgeymer kasalligiga yuqori darajada moyil odamlar uchun kamroq samarali ekani ma’lum bo‘ldi.
Ko‘k choydagi moddalar qon tomir shikastlanishlarini yumshatishi va miya salomatligini yaxshilashi taxmin qilinadi. Biroq ularning bevosita ta’siri hali tajribalar orqali isbotlanmagan.
Olimlar choydan tashqari qahvani ham o‘rgandi, ammo bu ichimlik yuqoridagi ko‘rsatkichlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmadi.
Ma’lumotlar 2016 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda to‘plangan. Ular 65 yosh va undan katta bo‘lgan 8766 nafar ishtirokchining parhez va kognitiv baholari hamda MRT tekshiruvlarini o‘z ichiga oladi. Mutaxassislar kunlik ko‘k choy va qahva iste’molini o‘lchash uchun to‘rt guruhga (0−200 ml, 201−400 ml, 401−600 ml hamda 601 ml va undan yuqori miqdorda iste’mol qiluvchilar) bo‘lingan so‘rovnomadan foydalanishgan.