Eksportga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etiladi

O‘zbekiston 18:43 740

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda qayd qilinishicha, 22 ta erkin iqtisodiy zonada ishga tushgan 589 ta korxona o‘tgan yili 42 trillion so‘mlik mahsulot chiqargan.

Ishlab chiqarilgan mahsulotning bor-yo‘g‘i 16 foizi yuqori texnologiyali tovarlar hisoblanadi. Mahsulotlarning atigi 18 foizi tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona umuman eksport qilmagan.

Erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan sarmoyasiga qarab imtiyoz olmoqda. Lekin bu mablag‘lar tannarxni pasaytirish, eksportga chiqish uchun xizmat qilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi belgilandi. Ushbu zonalarda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabi bor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xorijiy tajribada ham bu o‘zini oqlagani ta’kidlandi.

Bunday zonaning birinchisi Namanganda tashkil qilinib, to‘qimachilikka ixtisoslashadi.

Iqtisodiy kompleks rahbarlariga erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha mavjud tizimni qayta ko‘rib chiqib, ularni eksportga ixtisoslashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: