Dunyodagi eng qimmat Lamborghini avtomobili sotildi

Jahon 21:42 / 16.01.2025 3201

2013 yilda yagona nusxada chiqarilgan noyob Lamborghini Egoista superkari rekord darajadagi 117 million dollarga sotildi. Supercarblondie xabariga ko‘ra, bu kelishuv uni dunyodagi eng qimmat avtomobilga aylantirib, avvalgi rekordchi — 70 million dollarga sotilgan Ferrari 250 GTO avtomobilini ortda qoldirdi.

Lamborghini Egoista superkari g‘ayrioddiy dizayni tufayli quruqlikdagi qiruvchi samolyotga o‘xshaydi. Haydovchi o‘rindig‘iga o‘tirish uchun rulni olib turishga to‘g‘ri keladi. Mashina 600 ot kuchiga ega qudratli V10 dvigateli bilan jihozlangan va Lamborghini Gallardo shassisiga o‘rnatilgan.

Yaqin vaqtgacha Lamborghini Egoista kompaniya muzeyida saqlanardi va u yerda abadiy qolishi kutilayotgandi. Biroq, aftidan, kompaniya «juda foydali» taklifga qarshilik ko‘rsata olmadi. Insayderlarga ko‘ra, superkar noma’lum joyga olib ketilgan.

Egoista dizayni Uolter da Silva rahbarligida ishlab chiqilgan bo‘lib, u reaktiv qiruvchi samolyotning quruqlikdagi timsolini yaratishni maqsad qilgan. Xususiyatlari orasida g‘ayrioddiy uch bo‘lakli old dizayn va shisha «soyabon» bilan qoplangan bir o‘rindiqli kabina mavjud.

Harbiy samolyotlarga o‘xshashlikni oshirish uchun Egoista korpusi radarga qarshi qoplama va faol aerodinamik elementlar bilan jihozlangan. O‘zining ekstravagant ko‘rinishiga qaramay, superkar seriyali Gallardo shassisiga o‘rnatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: