2025 yilda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha dastur tayyorlanadi

O‘zbekiston 18:44 901

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda har bir dollar investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoqlar rahbarlari asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Qayd qilinishicha, “O‘zbekneftgaz”, "O‘zmetkombinat" va qurilish materiallari tarmog‘ida investitsiya samaradorligi boshqa tarmoqlarga nisbatan 2 barobar past. Investitsiya hisobiga qo‘shilgan qiymat Sirdaryoda respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda 2 barobar kam.

105 nafar tadbirkorning 110 million dollarlik uskunalari omborlarda turibdi. Mutasaddilarga ushbu uskunalarni egalariga yetkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

Prezident investitsiya loyihalarida mahalliy komponentlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Buning hisobiga juda ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratilishi, valuta tejalishi va yondosh sohalar rivojlanishi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat hokimlariga har oy tadbirkorlar bilan yarmarka o‘tkazib, o‘zida yangi-yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Hozir amalga oshirilayotgan 75 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalarining 28 milliard dollarini mahalliy mahsulotlar orqali qoplash mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Mutasaddilarga tarmoqlar va viloyat hokimlari bilan birgalikda tuman va korxonalar kesimida 2025 yilda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: