O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil va HAMASning otashkesim kelishuvi
Isroil va HAMAS o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Reuters xabariga ko‘ra, mazkur kelishuv 15 oydan beri davom etayotgan urushga chek qo‘yishi mumkin. Muzokaralar Misr va Qatar vositachiligida va AQSh ko‘magida o‘tkazilgan.
Dastlab, kelishuv Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning xavfsizlik va vazirlar kabinetlari tomonidan tasdiqlanishi kerak. Kutilganidek, bu qadamlar hukumatdagi ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Birinchi bosqichda G‘azoda asirda bo‘lgan 33 ayol, bolalar, yoshi katta va jarohatlangan fuqarolar ozod etiladi. Ularga javoban Isroildagi bir necha yuz falastinlik ayol va bolalar qamoqdan ozod qilinadi. Asirlikdagi askarlar va boshqa erkaklar ikkinchi bosqichda ozod etiladi.
Urushni to‘xtatishning dastlabki bosqichi 42 kun davom etishi va TSAHAL qo‘shinlarining G‘azo sektoridan bosqichma-bosqich chiqishi bilan boshlanishi kutilmoqda.
Bu orada Isroil poytaxti Tel Avivda yuzlab odamlar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashishni talab qilib namoyishga chiqishgan. Namoyishchilar shahar markazidagi shosse yo‘lini to‘sib, isroillik asirlarning ismlari yozilgan plakatlarni ko‘tarib turishdi.
Bu norozilik aksiyalari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvning yaqin kunlarda tasdiqlanishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida bo‘lib o‘tmoqda.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning ma’lum qilishicha, kelishuvni Isroil hukumati ertaga tasdiqlaydi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken esa kelishuv kuchga kirishi bilan Isroil o‘z qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqishni boshlashini va har ikki tomon asirlarni ozod etishini bildirdi.
AQShning bo‘lajak prezidenti Donald Tramp ham Isroil va HAMAS o‘rtasida asirlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini tasdiqladi.
«Ular tez orada ozod etiladi. Rahmat!», — deb yozdi siyosatchi o‘z bayonotida.
G‘azodagi vaziyat
Isroil havo hujumlaridan so‘ng oyog‘ini yo‘qotgan falastinlik shifokor Xolid As-Saidiy G‘azoda «Al-Aqso shahidlari» kasalxonasining bolalar bo‘limida ishlashda davom etmoqda. Uning jasorati G‘azo urushidagi insonparvarlik va matonat ramziga aylandi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning zulmga yo‘g‘rilgan hujumlari tufayli G‘azoda 4500 kishining turli tana a’zolari amputatsiya qilingan, ularning 800 nafari bolalar, 540 nafari ayollardir.
Vaziyat yuzasidan vazirlikning tibbiy ma’lumotlar bo‘limi boshlig‘i Zohir Al-Vohidiy mazkur ko‘rsatkichlar G‘azoda davom etayotgan gumanitar fojiani yoritib berganini ta’kidladi. Qamal tufayli sog‘liqni saqlash tizimi og‘ir holatda qolmoqda, urush esa vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Rossiyaning Ukraina infratuzilmasiga hujumi
15 yanvar kuni Rossiya Ukrainadagi bir necha oblastlarni, jumladan Lviv va Kiyevdagi muhim infratuzilma obektlarini nishonga olgan keng ko‘lamli raketa hujumlarini amalga oshirdi. Harbiylar tomonidan qayd etilgan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya qanotli raketalar va ballistik quroldan foydalangan.
Lviv oblastida Drogobich va Striy tumanlarida infratuzilma obektlari zarar ko‘rgan. Zolochev tumanidagi Sknilov qishlog‘ida yashash uyi va xo‘jalik inshootiga zarar yetgan. Jabrlanganlar qayd etilmagan.
Kiyevda Kreshchatik ko‘chasida prezident ofisi yaqinida elektr podstansiyasi yonib ketgani tasdiqlandi. Hujum natijasida Xarkiv, Sumi, Poltava, Dnipropetrovsk va Kirovograd oblastlarida elektr energiyasi avariyaviy o‘chirildi.
Shu bilan birga, Polsha ushbu hujumlarga javoban havo kuchlarini harakatlantirib, havo hujumidan himoya tizimlarini yuqori tayyorgarlik holatiga keltirdi.
Slovakiya bosh vaziriga ishonchsizlik votumi
Slovakiya muxolifati bosh vazir Robert Fitso hukumatiga ishonchsizlik votumi bo‘yicha parlamentda sessiya chaqirishni rejalashtirmoqda. Yevropaparast «Progressiv Slovakiya» partiyasi rahbari Mixal Shimechka bu tashabbusni barcha muxolif partiyalar nomidan e’lon qildi.
Shimechkaning so‘zlariga ko‘ra, Fitso mamlakat manfaatlarini chetga surib, «diktatorlarga ta’zim qilyapti» va davlat ishlarini e’tiborsiz qoldirib, xorijiy safarlar bilan band. Unga ko‘ra, yaqin kunlarda parlamentda ishonchsizlik votumi bo‘yicha muhokama o‘tkazilishi kutilmoqda.
Fitso Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukraina orqali gaz tranziti masalasini muhokama qilgani tanqid ostiga olindi. U Ukraina orqali gaz tranziti bilan bog‘liq muammolar sabab Slovakiya «gaz inqirozi»ga duch kelganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, 17 yanvar kuni Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazish taklifini Fitso rad etgani ma’lum qilindi.
Koreya prezidenti ikkinchi urinishda kishanlandi
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol o‘z rezidensiyasida tergovchilar tomonidan qamoqqa olindi. Reuters, The New York Times va Yonhap ma’lumotiga ko‘ra, bu voqea 3 dekabrdagi harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq ish doirasida sodir bo‘ldi.
Tergovchilar, politsiya xodimlari bilan birga, har qanday qarshilikka tayyorlangan holda bordi. Ular barrikadalarni yengib o‘tish uchun narvonlar olib kelishdi, ammo prezidentning xavfsizlik xizmati hech qanday qarshilik ko‘rsatmadi.
Yun Sok Yol o‘zining hibsga olinishini noqonuniy deb atadi va videomurojaatida tinchlikni saqlash uchun tergovga rozi bo‘lganini ta’kidladi. Prezident ikki kun davomida so‘roq qilinishi mumkin, shundan so‘ng rasmiy qamoqqa olish uchun alohida order talab etiladi.
31 dekabr kuni Janubiy Koreya sudi Yun Sok Yolni davlat to‘ntarishiga urinishda ayblab, uni qamoqqa olishga order bergandi. Shuningdek, prezidentning qarorgohida qidiruv o‘tkazishga ruxsat berilgan.
14 dekabrda parlament prezidentga nisbatan impichment jarayonini ma’qullagan, ammo Konstitutsiyaviy sud hali bu borada so‘nggi qarorini chiqarmagan. Shunga qaramay, Yun Sok Yol hamon o‘z lavozimida qolmoqda.
Bashar Asadning mashinalari xatlandi
Suriya poytaxti Damashqdagi Prezident saroyi garajida Bashar Asad oilasiga tegishli qimmatbaho avtomobil kolleksiyasi namoyish etildi.
Anadolu agetligi xabariga ko‘ra, 1336 ta mashinadan iborat kolleksiyadan cheklangan seriyada ishlab chiqilgan retro, sport va elektromobillar o‘rin olgan.
Garajdagi e’tiborga loyiq mashinalardan biri Ferrari F50 bo‘lib, uning bahosi 3 mln dollarga teng. Shuningdek, 2 mln dollarlik Ferrari F12 Berlinetta va 1 mln dollarlik Lamborghini Murcielago ham bor.
Kolleksiyada 1,5 mln dollarlik Aston Martin, narxi 320 ming dollardan boshlanuvchi bir nechta Bentley va 186 ming dollarlik Mercedes AMG G63 ham o‘rin olgan. 170 ming dollarlik zamonaviy elektr Cadillac Escalade ham bu qimmatbaho to‘plamni bezab turibdi.
Kuba siyosiy mahkumlarni ozodlikka chiqardi
Jo Bayden prezidentlik faoliyatining so‘nggi bosqichida Kuba bilan muhim kelishuvga erishdi. AQSh Kubani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi, bunga javoban Kuba 553 siyosiy mahkumni ozod etdi. Bu siyosiy sabablar bilan qamalganlarning taxminan yarmini tashkil etadi.
Kuba hukumati ushbu qadam bilan AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga umid qilmoqda. Shunga qaramay, Donald Trampning hokimiyatga qaytishi bilan ushbu qaror qayta bekor qilinishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Kubaning bunday kelishuvga borishi ikki davlat o‘rtasidagi murakkab diplomatik aloqalarni yumshatishga qaratilgan muhim ishora bo‘ldi.
Los-Anjyelesdagi yong‘inlar: adolatsizlik va samarasizlik ramzi
Kaliforniyaning Los-Anjyeles okrugidagi yirik yong‘inlar mintaqa tarixida eng halokatli ofatlardan biri sifatida qayd etilmoqda. Voqea shunchaki tabiiy ofat emas, balki hukumatning samarasizligi va ijtimoiy adolatsizlikni ochib berdi.
8 kundan beri davom etayotgan yong‘inlar natijasida 25 kishi halok bo‘ldi, 37 ming akr yer yonib ketdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar hajmi 250-275 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu vaqt davomida 150 mingga yaqin odam evakuatsiya qilindi.
Qo‘shma Shtatlar vitse-prezidenti Kamala Harris favqulodda vaziyat davomida Los-Anjyelesga federal moliyaviy yordam ajratilishini e’lon qildi. Ammo mahalliy aholi va mashhur shaxslar hukumatning yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha qoniqarsiz sa’y-harakatlarini, xususan suv ta’minoti yetishmasligini qattiq tanqid qilishdi.
Shuningdek, mutaxassislar yong‘inlar oqibatida ichimlik suv zararlangan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Professor Endryu Ueltonning ta’kidlashicha, yong‘in natijasida hosil bo‘lgan kimyoviy moddalar suv ta’minoti tizimiga kirishi mumkin. Bunday suvni filtrlash yoki qaynatish uni xavfsiz qila olmaydi.