Boshqalardan qarz bo‘lmagan o‘zbeklar – Dog‘istonda “O‘zbekiston” shaharchasi qanday paydo bo‘lgandi?

Jahon 16:38 2540

Dog‘iston poytaxti Maxachqal’a shahrida “O‘zbekiston” mittitumani bor. Dog‘istonliklar uni “O‘zbekiston” shaharchasi (“Uzbek-gorodok”, “Uzbekgorod”) deb atashadi. Xo‘sh, Shimoliy Kavkazdagi respublika poytaxtida O‘zbekiston nomi bilan bog‘liq shaharcha qanday paydo bo‘lgan?

Bugun sovet davri haqida gap ketganda ayrimlar “Toshkentda zilzila bo‘lganda butun ittifoqdan yordam kelgan edi. Boshqa respublikalardan kelib O‘zbekiston poytaxtini qayta tiklashgan edi”, deb qolishadi.

To‘g‘ri, Toshkentda zilzila sodir bo‘lganda hamma yoqdan yordam kelgani rost. Biroq boshqalar boshiga kulfat tushganda yoki ittifoqdosh respublikalarda yirik qurilishlar bo‘lganda o‘zbekistonliklar ham qarab turmagan, yordamga borib ishlagan.

Uzoqqa bormaylik, 1970-yillarda Baykal-Amur magistrali (BAM) nomi bilan Sibirda va Uzoq Sharqda juda uzun temiryo‘l liniyasi quriladi. Ana shu qurilishga borgan o‘zbekistonliklar temiryo‘lning ancha qismini, unga tutash hududlarda shaharchalar, temiryo‘l bekatlari qurishgan.

O‘zbekistonliklar BAM qurilishiga jo‘nab ketish oldidan
mytashkent.uz

Shunga o‘xshash yana bir hodisa Kavkazda joylashgan Dog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan. Bu respublika poytaxtida zilzila sodir bo‘lganda o‘zbekistonliklar birinchilardan bo‘lib yordamga yetib borishadi.

1988 yilda Armanistonda kuchli zilzila sodir bo‘ladi. Oqibatda shahar va qishloqlar vayronaga aylanadi. Ana shunda ham o‘zbekistonliklar darhol yordamga yetib borgandi.

Bunday misollar juda ko‘p. Aytmoqchi bo‘layotganimiz sobiq ittifoq davrida o‘zbekistonliklarda hech kimning haqqi qolib ketmagan. Yurtdoshlarimiz ham boshqalarga yordam berib “qarzni qaytargan”.

Zilzila

1970 yil 14 may kuni Maxachqal’a shahrida kuchli zilzila sodir bo‘ladi. Yer tungacha bir necha marta qimirlaydi. Zilzila markazi shahardan 30 km masofada, yer ostida edi.

Dastlabki qimirlash kunduzi soat 12:20 da ro‘y beradi va Maxachqal’ada Rixter shkalasi bo‘yicha 5-6 balli zilzila kuzatiladi.

Ikkinchi zilzila soat 21:12 da sodir bo‘ladi va bu safar uning kuchi 9 ballga teng bo‘ladi. Oradan uch minut o‘tgach zilzila 9 ball atrofida yana qaytalanadi.

Shunda nafaqat Maxachqal’a, balki zilzila markaziga yaqin bo‘lgan shahar va qishloqlar vayronaga aylanadi. Zilzila tinmaydi va keyingi bir soatda yana 10 marta yer qimirlaydi.

Maxachqal’adagi vayron bo‘lgan binolar
dag.aif.ru

Yer silkinishi bu bilan tugamaydi va Toshkentdagiga o‘xshab yana bir yarim oy davom etadi. O‘shanda, 15 may kunidan 27 iyungacha seysmik markaz jami 1 140 ta yer silkinishini qayd etadi.

Maxachqal’a va uning atrofidagi shahar hamda qishloqlar aholisi xavfsiz joylarga ko‘chiriladi. Zilzila boshlangandan so‘ng yer uzoq vaqt silkinib turadi va odamlar bundan zada bo‘lib ketishadi.

Masalan, 17 may kuni 7 balli zilzila sodir bo‘ladi va yer 49 silkinib turadi. 31 may kuni yer 13 soat 25 daqiqa, 17 iyunda esa 3 soat 35 daqiqa silkinib turadi.

So‘nggi zilzila oradan ikki oydan oshiq vaqt o‘tib, 1970 yil 19 iyul kuni sodir bo‘ladi. O‘shanda uning kuchi 5-6 ball bo‘ladi va yer 23 soat 35 daqiqa davomida silkinib turadi.

Zilzila oqibatlari

O‘shanda 65 kun davom etgan kuchli yer silkinishlari tufayli Dog‘iston hududidagi 16 ta tumanda joylashgan aholi punktlari va to‘rtta yirik shahar – Maxachqal’a, Qizilyurt, Xasavyurt hamda Bo‘ynoq shaharlari vayronaga aylanadi.

Shulardan zilzila epimarkaziga yaqin bo‘lgan 22 ta aholi punktida bironta sog‘ bino qolmaydi. 257 ta aholi punkti qisman vayron bo‘ladi.

Uy-joyi vayron bo‘lgan odamlarni maxsus palatkalarga joylashtirishadi
dag.aif.ru

Zilzila kunduzi boshlangani uchun qurbonlar soni kam bo‘ladi. Yer silkinishlari tufayli 31 kishi vafot etadi, 45 ming odam uyidan ayrilib, boshpanasiz qoladi.

Poytaxt Maxachqal’ada eng ko‘p Maxachqal’a-1 tumani zarar ko‘radi. Bu tumanda sog‘ obekt qolmagan, eski binolar qulab tushgan, yangilariga esa katta-katta yoriqlar tushgandi.

Hali zilzila davom etayotgan paytda 1970 yil 22 may kuni RSFSR ministrlar sovetining “Dog‘iston ASSRda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari” haqidagi qarori e’lon qilinadi.

Shundan so‘ng Dog‘istonga ittifoqning turli respublikalaridan yordam va zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun qurilish brigadalari kela boshlaydi. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor edi.

Dog‘istondagi “O‘zbekiston” mittitumani qanday qurilgandi?

Maxachqal’ada kuchli yer silkinishi sodir bo‘lar ekan, 1966 yilda Toshkentda ro‘y bergan zilzilani unutmagan o‘zbekistonliklar birinchilardan bo‘lib Dog‘istonga yordamga shoshiladi.

Quruvchilarni Maxachqal’aga O‘zbekiston markaziy qo‘mitasi qoshidagi qurilish va shahar xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston davlat qurilishi (Gosstroy) raisi, Toshkent shahar partiya qo‘mitasi raisi va yana bir qator mutasaddi shaxslar kuzatib boradi.

Ichida 600 nafar quruvchi va ko‘plab maxsus texnikalar bo‘lgan birinchi poyezd Maxachqal’aga 1970 yil 17 iyun kuni yetib boradi.

O‘zbekistondan Dog‘istonga yordamga borgan maxsus texnikalar
dag.aif.ru

Uning ortidan qurilish materiallari ortilgan poyezdlar paydar-pay borib turadi. O‘zbekistonliklar shaharning janubiy g‘arbida yangi shaharcha qurilishini boshlab yuborishadi.

Shaharchada o‘nga yaqin ko‘p qavatli uy, savdo markazi, bog‘cha, maktab, kinoteatr, bozor va boshqa binolar quriladi. O‘shanda o‘zbekistonlik quruvchilar umumiy hisobda 20 ming metr kvadratga teng binolar qurishadi.

Qurilish ishlari bitgandan so‘ng o‘zbekistonliklar tiklagan hudud “O‘zbekiston” shaharchasi (“Uzbek-gorodok”) deb atala boshlanadi. Shuningdek, markaziy ko‘chalarning biriga O‘zbekiston nomi beriladi.

O‘zbekistonliklar qurilish davomida binolarning tashqi ko‘rinishini xuddi Toshkentda bo‘lgani kabi milliy naqshlar tushirilgan keramika bilan qoplashadi. Ular bugungi kunda ham saqlanib turibdi.

Maxachqal’ada o‘zbeklar qurgan mavzeda joylashgan "Uzbekgorodok" universal magazin
dzen.ru

Maxsus yodgorlikning ochilishi

2023 yil 6 iyun kuni Maxachqal’a shahrida 1970 yilda shaharni tiklashda yordam bergan o‘zbek quruvchilari sharafiga maxsus yodgorlik ochiladi.

Yodgorlik shaharning aynan o‘zbekistonliklar qurib bergan “Uzbekgorod” tumanida quriladi va u shahar meri Yusuf Umavov tomonidan ochib beriladi.

“Arxitektura obekti 1970 yilda Dog‘istonda sodir bo‘lgan zilziladan keyin katta yordam ko‘rsatgan qardosh o‘zbek xalqiga hurmat sifatida qurilgan. Yarim asr muqaddam respublikamizda dahshatli zilzila ro‘y berdi, uning oqibatida bir qancha shaharlar vayron bo‘ldi, o‘n minglab odamlar uy-joysiz qoldi. SSSRning turli burchaklaridan ishchilar bizga yordamga kelishdi. O‘shanda O‘zbekiston delegatsiyasi birinchilardan bo‘lib kelgan edi. Zilziladan bir oy o‘tib, 600 ga yaqin o‘zbekistonlik ishchi poyezdda o‘zlari bilan qurilish ishlari uchun maxsus texnika olib kelgan”, deydi Yusuf Umavov.

O‘zbekistonlik quruvchilar qurgan ko‘p qavatli uy
dzen.ru

Marosimda O‘zbekiston tomonidan Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya qatnashadi. Sodiq Safoyev o‘zbekistonlik quruvchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va hurmat uchun Maxachqal’a hokimiyati va poytaxt aholisiga minnatdorlik bildiradi.

“1966 yilda mamlakatimizda dahshatli fojia yuz berganda, xalqimizga yordam berishda dog‘istonliklar ham katta hissa qo‘shgan. Bugungi kunga qadar shahrimizdagi ko‘chalardan biri “Dog‘iston” deb ataladi. Biz xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlagan insonlarni yodga olamiz va xotirasini hurmat qilamiz”, degan Sodiq Safoyev.

Maxachqal’adagi ko‘chalarning biriga Toshkent nomi berilgan
dzen.ru
Zilziladan so‘ng o‘zbekistonliklar tomonidan qurilgan bino
dzen.ru
Maxachqal’ada o‘zbekistonlik quruvchilarga o‘rnatilgan yodgorlik
Videodan kadr

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: