Maskning yordami - milliarder Kaliforniyadagi yong‘in hududlariga Wi-Fi'dan bepul foydalanish imkoniyatini berdi

Jahon 16:40 852

SpaceX asoschisi va bosh direktori Ilon Mask Kaliforniyada dahshatli yong‘inlar sabab internet va uyali aloqa xizmatidan mahrum bo‘lgan aholiga Wi-Fi’dan bepul foydalanish uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimlarini yubordi.

O‘tgan hafta oxirida Mask yong‘in hududida ishlayotgan qutqaruvchilar va o‘t o‘chiruvchilar bilan uchrashgan. Shundan so‘ng u Los-Anjyeles va Malibuga Starlink yetkazib berilishini e’lon qildi. Hududlarga Cybertrucks elektromobillari ham jo‘natilgan. Starlink tizimlari ushbu mashinalarga ortilgan.

Tesla kompaniyasining X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan postda Starlink internet xizmati, elektromobillarni zaryadlash stansiyalari va portativ batareyalar bilan jihozlangan sakkizta Cybertruck ko‘chma baza sifatida qutqaruv guruhlari hududlariga joylashtirilgani haqida hisobot berildi.

Maskning aytishicha, ushbu Cybertuck’larning ba’zilari “yaqin bir-ikki kunda” mijozlarga yetkazib berilishi kerak edi. Mask ulardan uzr so‘rab, yangi mashinalar hafta oxirigacha o‘z egalariga yuborilishini ta’kidladi.

O‘t o‘chiruvchilar bilan muloqot vaqtida Mask yong‘inga qarshi kurash uchun suv yetishmasligida demokratik amaldorlarni aybladi. Rasmiylardan biri esa unga o‘t o‘chiruvchilar juda ko‘p suv sarflayotganini va tizim talabni qondira olmasligini tushuntirdi.

Los-Anjyelesda yong‘inlar 7 yanvar kuni boshlandi va shiddat bilan tarqaldi. Hozirga qadar kamida 24 kishi halok bo‘lgan, 12 mingdan ortiq inshoot yonib ketgan. Prezident Jo Bayden shtatda keng ko‘lamli ofat rejimini e’lon qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: