Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz agar Rossiya Ukraina tomonida turib jang qilgan va rossiyalik harbiylar tomonidan asirga olingan avstraliyalik Oskar Jyenkinsga zarar yetkazsa, hukumat «eng qat’iy choralar» ko‘rishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Associated Press.
Dekabr oyida «voyenkor» Aleksandr Sladkov rossiyalik harbiylar avstraliyalik asir bilan muloqot qilgani va uni bir necha bor urgani tasvirlangan videoni e’lon qilgandi. Erkak o‘zini 32 yoshli biologiya o‘qituvchisi Oskar Jyenkins deb tanishtirgan. U Avstraliya va Ukrainada yashashini bildirgan.
15 yanvar kuni ABC telekanali Jyenkins o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Jurnalistlar bunda UQK tarkibida jang qilayotgan boshqa xorijliklarga tayangan. Ushbu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Avstraliya Jyenkinsning o‘limi to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga izoh berishni so‘rab, Rossiyaga murojaat qilgan. «Biz Rossiyani zudlik bilan Oskar Jyenkins maqomini tasdiqlashga chaqiramiz. Biz oldingidek jiddiy xavotirdamiz», — deydi Albaniz.
Uning ta’kidlashicha, agar Jyenkinsga biror-bir zarar yetkazilgan bo‘lsa, Avstraliya hukumati «mumkin bo‘lgan eng qat’iy choralarni ko‘radi». Aynan qanday choralar haqida gap ketayotganiga u oydinlik kiritmagan.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Avstraliya tomonining murojaatiga javoban «avstraliyalikka oid masala rasmiy tartibda ko‘tarilgan yoki ko‘tarilmaganidan» bexabar ekanini bildirdi. «Ehtimol, diplomatik kanallar orqali ba’zi harakatlar allaqachon amalga oshirilgandir, ammo bu bizga qadar yetib kelmadi. Balki Tashqi ishlar vazirligimiz bilan buni tekshirib ko‘rishdan ma’no bordir», — deydi u.
Dekabr oxirida RF TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Avstraliya hukumati rossiyalik harbiylar tomonidan qo‘lga olingan Oskar Jyenkins bo‘yicha Rossiyaga murojaat qilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olingan Avstraliya fuqarosiga oid ma’lumot «tekshirilmoqda». Zaxarovaning qo‘shimcha qilishicha, agar ma’lumot tasdiqlansa, Avstraliya rasmiylari buning uchun javobgar bo‘ladi, chunki ular Ukraina tomonida urushda qatnashayotgan «avstraliyalik yollanma askarlarga beparvolik bilan qaramoqda».