Meta kompaniyasi 3,6 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatadi

Jahon 22:15 / 15.01.2025 641

Facebook, Instagram, Threads va WhatsApp kabi platformalarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi ish samaradorligi past bo‘lgan xodimlardan qutulish maqsadida 5 foizga yaqin shtatini qisqartirmoqchi. Bu haqda kompaniya ichki xizmat hujjatiga tayanib, Bloomberg xabar berdi. Ushbu yangilikdan keyin Meta aksiyalari qiymati 2,3 foizga tushib ketgan.

Uchinchi chorakdagi daromadlar to‘g‘risidagi hisobotga ko‘ra, Meta kompaniyasida butun dunyo bo‘ylab 72 ming 404 nafar xodim faoliyat yuritadi — bu qisqartirishlar 3,6 mingga yaqin ishchiga ta’sir ko‘rsatishini anglatadi. Xizmat varaqasida aytilishicha, ishdan bo‘shatilgan xodimlarga kompensatsiya to‘lanadi.

Qayd etilishicha, AQShdagi ishchilar o‘zlari bilan shartnoma bekor qilinishi to‘g‘risida 10 fevral kuni, Qo‘shma Shtatlardan tashqarida bo‘lgan xodimlar esa keyinroq xabardor qilinadi.

Meta’ga ko‘ra, qisqartirishlar «samaradorligi past bo‘lgan xodimlardan tezroq qutulish» va ushbu lavozimlarga iqtidorli insonlarni yollash maqsadida amalga oshiriladi. «Joriy yil tarang kechadi va men jamoamizda yaxshi insonlar ishlashiga ishonch hosil qilishni istayman», — deyiladi hujjatda.

Avvalroq Meta korporatsiyasi o‘z platformalari — Facebook, Instagram va Threads Threads mikrobloglar servisida faktchekerlar xizmatidan voz kechishini ma’lum qilgandi. Mark Tsukerbergning so‘zlariga ko‘ra, joriy tizim «juda ko‘p xato va senzura mavjud nuqtaga yetib kelgan». «Biz qoidalarni soddalashtiramiz va o‘z platformalarimizda so‘z erkinligini qaytaramiz», — degan u.

Ko‘proq yangiliklar: