Bloomberg: Putin Tramp bilan muzokaralarda Ukraina NATO a’zosi bo‘lmasligini talab qiladi

Jahon 23:43 / 15.01.2025 997

Vladimir Putin AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan rus—ukrain urushi bo‘yicha muzokaralar davomida Ukraina NATO bilan harbiy aloqalarini keskin kamaytirishi va cheklangan armiyaga ega neytral davlatga aylanishini talab qiladi. Bu haqda Bloomberg agentligining Kreml pozitsiyasidan xabardor manbalari ma’lum qildi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, jang maydonida Rossiya qo‘shinlarining ustunligiga tobora ko‘proq ishonch hosil qilayotgan Putin Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishiga erishib, mamlakatning harbiy salohiyatini cheklamoqchi.

Shu bilan birga, Kreml Shimoliy Atlantika alyansining alohida davlatlari xavfsizlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlar doirasida Kiyevga qurollanish yetkazib berishiga qarshi emas. Ammo bu qurollar Rossiyaga qarshi va RF tomonidan egallab olingan ukrain hududlarini qaytarib olish uchun ishlatilmasligi kerak.

Kreml, shuningdek, hozirda Rossiya armiyasi va hukumati nazorati ostida bo‘lgan Ukraina hududlarining kamida 20 foizi ustidan boshqaruvni saqlab qolishni talab qiladi. Bunga anneksiya qilingan Qrim ham kiradi. Biroq agentlikning ayrim manbalarini aytishicha, Moskva ba’zi hududlarni almashishga tayyor. Aynan qaysi hududlar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Avvalroq Reuters agentligi Rossiya muzokaralarda qanday talablarni ilgari surmoqchi ekani haqida yozgandi. Uning manbalariga ko‘ra, Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor, ammo hududiy jihatdan yonbosishlarga rozi bo‘lmaydi va Kiyevning NATO a’zosi bo‘lishiga qarshi.

Donald Tramp AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin urushni to‘xtatish uchun Vladimir Putin bilan uchrashish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Tramp uchrashuv 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyadan keyingi yarim yil ichida o‘tkazilishi mumkinligini aytgan.

Tramp o‘ziga milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi etib tanlagan kongressmen Mayk Uolsning ta’kidlashicha, Tramp va Putin «yaqin kun yoki haftalarda» qo‘ng‘iroqlashadi, ularning uchrashuviga tayyorgarlik esa «qizg‘in davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: