Axios’ning yozishicha, tomonlar hozircha erishilgan sulh bo‘yicha rasmiy bayonotni e’lon qilmagan. Manbalar qo‘shma bayonot «yaqin vaqt ichida» e’lon qilinishini bildirgan.
CNN telekanalining isroillik amaldorlarga tayanib ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda HAMAS 33 nafar asirni Isroil qamoqxonalaridagi yuzlab falastinliklarga almashadi. Ta’kidlanishicha, Tel-Aviv 2023 yil 7 oktyabrdan keyin hibsga olingan barcha ayollar va voyaga yetmaganlarni bosqichma-bosqich ozod etadi. Bu vaqt davomida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda bo‘ladi.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar 14 yanvar kuni Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tdi. 13 yanvarga o‘tar kechasi vositachilar – AQSh, Qatar va Misr orqali bir yildan ortiq davom etayotgan muzokaralarda «yutuqqa» erishildi. Qatar vakili tomonlarga o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv matnini topshirgandi.
Associated Press agentligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
- 1-bosqich — 42 kun mobaynida garovda ushlab turilgan 33 nafar Isroil fuqarolari ozod qilinadi. Isroil armiyasi esa G‘azo hududlaridan chiqishni boshlaydi.
- 2-bosqich — barcha erkaklar ozod qilinib, Isroil harbiylari G‘azodan to‘liq chiqib ketadi.
- 3-bosqich — garovda bo‘lgan va halok bo‘lgan shaxslarning jasadlari qaytariladi, G‘azoni qayta tiklash rejasi ishlab chiqiladi hamda yangi boshqaruv tizimi yaratiladi.