“Yangi tizimga 4 yil davomida tayyorgarlik ko‘rildi. Rejim ishga tushmaguncha hozirda yuzaga kelayotgan masalalar paydo bo‘lishini taxmin qilmagandik. Poytaxtdagi 2500 ta bekat uchun 5000 dan ortiq infokiosk yetarli bo‘ladi, deb o‘ylagandik”, – deydi shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i.
Toshkent shahridagi avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatilganidan buyon bir martalik QR-chipta xarid qilish bilan bog‘liq masalalar kun tartibiga chiqyapti. Vaziyat faqat barcha bekatlarning bir martalik chek chiqaradigan qurilmalar bilan to‘liq ta’minlanmaganiga bog‘liq emas. Infokiosklar stansiyalardan 300 metr radiusda o‘rnatilgani sabab odamlar ularni ba’zi vaqtda topa olmayapti.
“Infokiosklarning o‘rnatilishi bo‘yicha tasdiqlangan rasmiy hujjatda qurilmalarni bekatlardan 300 metrgacha bo‘lgan radiusda joylashtirish mumkinligi ko‘rsatilgan. Buning asosiy sababi hamma bekatda ham elektr energiyasiga liniya tortilmaganida.
Shuning uchun, qurilmalar bekatlarga eng yaqin elektr energiya liniyasi bor nuqtalarga o‘rnatilgan”, - deydi shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromov 15 yanvar kuni “Toshshaxartransxizmat” AJ tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning ta’kidlashicha, infokiosklarning bekatlardan uzoqligi bo‘yicha hozirga qadar yo‘lovchilardan turli shikoyatlar tushgan. E’tirozlardan kelib chiqib, bunday bekatlar ro‘yxati tuzilgan:
“Infokiosklar uzoq bo‘lgan 675 ta bekat aniqlandi. Hozirgacha ulardan 210 tasi yangi infokiosk bilan taminlandi. Ayni vaqtda 500 ta bekat yoki unga yaqinroq hududga shunday qurilmalarni joylashtirish ustida ish olib boryapmiz. 1 fevralgacha ro‘yxatdagi hamma bekatga infokiosklar to‘liq o‘rnatiladi”, – dedi mas’ul.
Shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘ining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda poytaxtda 2600 ta bekat va 5200 tadan ortiq infokiosk mavjud. Naqd pulsiz to‘lov tizimiga o‘tilayotganda esa infokiosklar soni 5000 ta bo‘lgan. Mas’ullar 2600 ta bekatga 5000 ga infokiosk yetadi, deb taxmin qilishgan.
“Tizim ishga tushmaguncha barcha bekatlarda infokiosklar yo‘qligi muammolarga sabab bo‘ladi, deb o‘ylanmagandik. Bu narsa e’tirozlarni yuzaga keltirgani uchun infokiosk yo‘q bekatlar ro‘yxati shakllantirildi, hozirda shahar bo‘ylab kuniga 30-40 tacha infokiosklar o‘rnatilyapti. Oy oxirigacha bir martalik chipta sotib olish bilan bog‘liq masalalar deyarli to‘liq bartaraf etiladi”,– deydi Mirakbar Ikromov.