Shavkat Mirziyoyev Dubayda BAA vitse-prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston 21:07 1375

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida 15 yanvar kuni Dubay shahrida BAA vitse-prezidenti, bosh vaziri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar samarali bo‘lgani hamda O‘zbekiston-BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘targani yuqori baholandi.

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash kabi sohalarda faol muloqotlar va samarali hamkorlik olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.

BAAdagi sheriklar bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasida yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi.

Dubayning ilg‘or yechimlarini shaharsozlik sohasiga, jumladan, Yangi Toshkentda zamonaviy infratuzilmani yaratish doirasida joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar faol muloqotni davom ettirish va amaliy sheriklikning barcha yo‘nalishlarida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olgan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.

Ko‘p qirrali hamkorlik va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Bugun O‘zbekiston-BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqqan oliy darajadagi tarixiy muzokaralar yakunlari mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi kompaniya va xoldinglari rahbarlari bilan erishilgan kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishi qo‘llab-quvvatlangan.

Uchrashuvda o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uy-joy va transport infratuzilmasi, energetika, tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, raqamlashtirish va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etilgan.

Sun’iy intellekt borasida, shu jumladan soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: