Germaniya Yevropa Ittifoqidan Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishni so‘raydi

Jahon 12:14 518

Germaniya Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridan Suriyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni yumshatish masalasini ko‘rib chiqishni so‘raydi. Gap Suriya aviakompaniyasiga nisbatan choralar bekor qilinishi va qimmatbaho tovarlar, jumladan, avtotransport vositalarini sotishga qo‘yilgan cheklovlar, neft-gaz sohasida texnologiyalar eksportiga qo‘yilgan taqiqning bekor qilinishi, shuningdek, bank sektoridagi ayrim operatsiyalarning tiklanishi haqida bormoqda. Bu haqda DW 14 yanvar, seshanba kuni kuni o‘z qo‘lidagi diplomatik hujjatga tayanib xabar berdi.

Unda aytilishicha, Germaniya va boshqa qator Yevropa davlatlari, jumladan Fransiya, Ispaniya va Niderlandiya sanksiyalarni yumshatish «Suriyadagi hokimiyatning tinch yo‘l bilan almashinishini rag‘batlantirish vositasiga aylanishi mumkin, u Suriyaning barcha qatlamlarini himoya qilish va vakilligini kafolatlashi lozim».

12 yanvar kuni tarqatilgan va Germaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hujjatda bir guruh Yevropa davlatlari Yevropa Ittifoqini «tezkor va oldindan shartlarsiz to‘xtatilishi» mumkin bo‘lgan bir qator jazo choralarini «aniqlash»ga chaqiradi. Uning mualliflari fikricha, Yevropa Ittifoqi «o‘zini iqtisodiy o‘yinchi sifatida ko‘rsatish va Rossiya ta’sirini kamaytirish uchun noyob imkoniyatga ega».

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni tiklash uchun joy qoldirishga chaqirmoqda

Ayni paytda, DW bilan suhbatlashgan, ismini oshkor qilmagan yevropalik diplomat Yevropa Ittifoqi Suriyada hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tishini osonlashtirish, shu bilan birga, qandaydir ta’sir kuchini saqlab, iqtisodiy faollikni tiklashga ko‘maklashish niyatida ekanini aytdi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi suriyalik qochqinlarning kelajakda o‘z vatanlariga qaytishi uchun qulay sharoit yaratishga intilmoqda.

Shu bilan birga, hujjat mualliflari Suriyaning yangi rasmiylari YeI umidlarini oqlamagan taqdirda sanksiyalarni tezda tiklash imkonini beruvchi mexanizmni ishlab chiqishni tavsiya qiladi.

YeI kengashi yanvar oxirida Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishni muhokama qiladi

Germaniya 27 yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi ishtirokchilari muhokamasiga Suriyaga qarshi sanksiyalarning ayrimlarini bekor qilish mumkinligi masalasini ko‘tarishi mumkin. Bu boradagi har qanday qaror Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

DW diplomatik manbasiga ko‘ra, sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha jiddiy e’tirozlar kutilmayapti. AQSh Moliya vazirligi Suriya prezidenti Bashar Asad rejimiga qarshi joriy qilingan sanksiyalarning bir qismini allaqachon yumshatgan.

Ko‘proq yangiliklar: