Beshyog‘och bozori o‘rnida biznes markazi qurish taklif etildi

O‘zbekiston 20:56 / 14.01.2025 2556

Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi Chilonzor tumani hokimi o‘rinbosari Abduhamid Abduqodirov bilan muzokaralar davomida Beshyog‘och bozori o‘rnida yirik biznes markaz qurish taklifini berdi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, muzokaralar onlayn formatda o‘tkazilgan va unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mas’ullari ham ishtirok etgan.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, muzokaralar davom etmoqda.

Foto: Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati

Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, tuman hokimligi loyiha hozircha faqat muhokama bosqichida ekanini bildirdi.

«Tumandagi Beshyog‘och dehqon bozori o‘rnida yirik biznes markazi tashkil etish faqat muhokama bosqichida bo‘lib, bu borada turk kompaniyasining taklifi tinglandi. Ayni vaqtda loyiha aniq amalga oshishi, uning muddatlari va qiymati haqida hech qanday rejalar yo‘q. Bunga o‘xshash takliflar yana bo‘lsa, tumanga investitsiya kiritish maqsadida hokimlik investorlar bilan uchrashishga tayyor», — deyiladi xabarda.

Beshyog‘och bozori hududi Furqat va Beshyog‘och ko‘chalari chorrahasida joylashgan tarixiy ansamblga tutash. To‘g‘ridan to‘g‘ri bozor atrofida 1930 yillarda qurilgan turar joy binolari joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida Xitoy kompaniyasi Askiya bozorining 1,83 gektar maydondagi mulki va hududi bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ikki qatnashchi ishtirokidagi auksion 15 daqiqa davom etgan va 225,59 milliard so‘mlik bitta stavkadan so‘ng yakunlangan.

Shuningdek, Yunusobod bozori o‘rnida zamonaviy savdo va biznes markazi qurilishi xabar qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: