Jamiyat | 14:10 / 20.02.2025
10671
4 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchilarni tartibga chaqirgan “zo‘ravon rais” - Qoziroboddagi maktabda o‘zi nima bo‘ldi?

Poytaxtning Chilonzor tumanidagi 138-maktabda mahalla raisining o‘quvchilar bilan qilgan “qattiq” muloqoti e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri aslida vaziyat qanday bo‘lganini bilish maqsadida maktab va mahalla vakillari bilan suhbatlashdi.

9 fevral kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani “Qozirobod” MFY raisi Abdusamad Mutalovning hududdagi 138-maktab o‘quvchilari bilan muloqoti aks etgan videolar tarqaldi. Unda rais yangi ta’mirdan chiqqan maktabning koridori polidagi oyoq kiyim bilan qoldirilgan qora dog‘lar haqida gapirib, o‘quvchilarni tartibga chaqirgani aks etgan. 

“Bilib olinglar, “skritiy kamera” qo‘yaman. Kimda kim shu ishni [poyabzalining yon qismini polga ishqalab, uni qoraytirsa], uning o‘ziga arttirmayman, ota-onangni chaqirtiraman. Ularni chaqirtirib, to‘nqaytirib pol arttiraman”, — deya ta’kidlagan mahalla raisi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu muloqot 138-maktabning 10-“b” sinfida bo‘lib o‘tgan. Maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Umida Mamadaliyevaning aytishicha, mahalla raisi doim maktabga kelib, o‘quvchilarning tartib-intizomidan xabardor bo‘lib turadi.

“O‘sha kuni ham maktabni aylanish vaqtida qavatlardagi qora dog‘larni ko‘rib, yaqinda qayta ta’mirdan chiqqan maktabdagi bu holat mahalla raisining o‘quvchilar bilan gaplashib olishiga sabab bo‘ldi. Dars oxirida o‘qituvchidan ruxsat so‘rab, sinfxonaning o‘zida o‘quvchilar bilan gaplashgan. Gaplari yomon ma’noda emas, aksincha ota-onalar bilan hamkorlik qilayotganlarini aytib o‘tgan”, — deydi direktor o‘rinbosari.

Kun.uz muxbiri Qozirobod mahallasida ham bo‘ldi. Ko‘chada suhbatga rozi bo‘lgan nuroniylardan birining aytishicha, bu mahallani Abdusamad Mutalovdan boshqasi eplolmaydi.

“Bu mahallani undan boshqasi eplolmaydi. Qanchadan qancha kam ta’minlanganlarga uy-joy, ish topish masalasida ham yordam beryapti. Bir xil insonlar buni yomon ko‘rsatyapi. Buning ovozi baland, baqiroq o‘zi. Haqiqatni gapirsa, yomonga chiqarib qo‘yish kerakmas-ku”, — deydi nuroniy.

“Qozirobod” MFY xodimlaridan birining aytishicha, 9 fevral kuni maktabdagi ma’rifiy tadbirlarga mahalla vakillari ham taklif etilgan bo‘lgan.

“Mahalla-maktab hamkorligida bizni taklif etishgan edi. Tadbirga borgan paytlarida ular [mahallar raisi] albatta maktab ichiga kirib, maktabni o‘rganish jarayonini o‘tkazadi. Kerakli o‘rinda bolalar bilan tarbiyaviy soat ham o‘tkazadi”, — deydi xodim.

Mahalla raisi Abdusamad Mutalovning maktab bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini, o‘quvchilar ayrim hollarda o‘qituvchilarni mensimayotgani ortidan shunday qattiqroq ohangda gapirishini ta’kidladi.

Mavzuga oid