Jamiyat | 17:25 / 20.02.2025
11149
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda mijozining yuziga jarohat yetkazgan kosmetolog jinoiy jazoga tortildi

Kosmetolog ruxsatnomasi bo‘lmagan holda mijozining yuz sohasini toraytirish maqsadida uning peshonasidan qulog‘i yonigacha skalpel yordamida kesgan. Ammo oradan 3 oy o‘tib, ayol yuzining kesilgan qismidan go‘sht o‘sib chiqqan. Shundan so‘ng u shifokorlarga murojaat qilib, jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.   

Chilonzor tumanidagi ayollar salonida kosmetolog bo‘lib ishlovchi ayol mijozining yuziga jarohat yetkazib qo‘ydi. Sud uni aybli deb topib, jinoiy jazo qo‘lladi.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, kosmetolog U.X. tibbiyot sohasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligidan tegishli ruxsatnoma olmagan holda 2023 yil sentabr oyida mijozi, 1979 yilda tug‘ilgan N.Q.ni operatsiya qilgan. U mijozining yuz sohasini toraytirish maqsadida uning peshonasidan qulog‘i yonigacha skalpel yordamida kesgan.  

U.X. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

Mijoz yuzini tortib qo‘yishimni so‘rab murojaat qildi. Unga operatsiya qilish bo‘yicha ruxsatnomam yo‘qligini aytsam ham iltimos qilaverdi. Shunga ko‘ndim.

Operatsiyani boshladim va bir marotaba ishlatiladigan skalpel bilan mijozning yuz sohasini kesib, ya’ni peshona sohasidan quloq ostigacha kesgan holda ortiqcha osilgan terini olib tashladim. So‘ngra kesgan joyimni bir marotaba ishlatiladigan igna va ip bilan tikib qo‘ydim.

Mijoz rahmat aytib chiqib ketdi. U 10 kun davomida tibbiy muolajaga qatnab turishi kerak edi. Ertasiga telefon qilib, tibbiy muolaja olishga kelishini aytganimda u viloyatga to‘yga ketganini, to‘ydan keyin kelishini bildirdi. Shundan keyin u menga o‘zi ishlab kelayotgan tibbiy klinikada yuz sohasidagi iplarni oldirib tashlaganini, yuzida og‘riqlar yo‘qligini, hammasi joyida ekanini aytdi.

Oradan 5-6 oy muddat o‘tib, ya’ni 2024 yilning fevral oylarida mijoz yuzida chandiq izlari qolganini aytib, da’vo qila boshladi”, degan kosmetolog o‘z ko‘rsatmasida.

U.X. mijoz ayol undan 2 ming dollar so‘raganini, buncha puli yo‘qligini aytganidan so‘ng IIBga ariza bilan murojaat qilganini, so‘ngra unga 500 dollar berganini ta’kidlagan. 

Jabrlanuvchi N.Q. esa kosmetologdan plastik jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga ruxsatnomasi bor yoki yo‘qligini so‘raganida u bor deb aytganini ma’lum qilgan.

Bunday ishlarni ko‘p qilganini aytib, meni ishontirdi. Oradan 3 oy o‘tib, yuzimdagi teri qoplamasi kesilgan joylaridan ortiqcha go‘sht o‘sib chiqdi. Bu haqda sudlanuvchiga aytganimda u endi hech narsa qilib bera olmasligini bildirdi. So‘ngra IIBga murojaat qildim.

Yetkazilgan jarohat oqibatlarini bartaraf qilish uchun qayta jarrohlik amaliyotini o‘tkazdim. Bu uchun 11 mln so‘m sarfladim. Sudlanuvchi 500 dollar berganini inobatga olib, qolgan summani undan undirib berishni so‘rayman”, degan jabrlanuvchi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2025 yil 20 fevraldagi hukmiga ko‘ra, kosmetolog U.X. Jinoyat kodeksining 111-moddasi (ehtiyotsizlik orqasidan badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda BHMning 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid