Jamiyat | 10:28 / 21.04.2025
16246
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 10 dan ortiq mashinani urib ketgan Gentra'da bo‘lgan 3 kishi qamaldi

Giyohvand modda iste’mol qilgan haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Gentra'ning uch yo‘lovchisi mayda bezorilik va ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslikda ayblandi. Sud qarori bilan ularning har biriga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. 

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahrida YPXdan qochib, 10 dan ortiq mashinani urib ketgan Gentra'ning uch yo‘lovchisi ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, Gentra'da 1990 yil Namangan viloyatida tug‘ilgan G.P., 2004 yil Jizzax viloyatida tug‘ilgan B.R. hamda 2005 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan D.Q. (barchasi ayol) bo‘lgan. Ular 2025 yil 19 aprel kuni soat 7:30 larda Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan fuqaro U.B.ni haqorat qilishgan. Jamoat tartibini buzishgani uchun ularga Chilonzor tuman IIO FMB HPX profilaktika inspektori tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Sud majlisida huquqbuzarlarning barchasi aybiga iqrorlik bildirgan.

18 aprel kuni dugonam S.ning (Gentra'ni boshqargan ayol) uyiga mehmondorchilikka bordim. Kechasi shu yerda tunab qoldik. Ertasi kuni ertalab B.R.ning sog‘lig‘i yomonlashganligi uchun J.ning mashinasida dorixonaga chiqdik. Mashinani S. boshqardi. Yo‘lda YHXB xodimlari to‘xtatishdi. Sababi mashinaning davlat raqami belgilari olib qo‘yilgandi. Shunda S. ularning ogohlantirishlariga qaramasdan mashinani katta tezliqda boshqarib, boshqa transport vositalariga urildi. Bizni to‘xtatishganidan so‘ng IIB xodimlari va boshqalar kelishdi hamda IIB binosiga olib ketishmoqchi bo‘lishdi. Ularga qarshilik ko‘rsatdik. Shu yerda bo‘lgan fuqarolar bizga baqirgani uchun barchani haqorat qildik”, degan G.P.

Sudda qolgan huquqbuzarlar ham shu kabi ko‘rsatma berib, qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini bildirishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2025 yil 19 apreldagi qarori bilan ayollarning uchalasi ham MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Ularning har biriga 7 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

YPXdan qochib, boshqa mashinalarni urib ketgan Gentra'ni 1999 yilda tug‘ilgan ayol boshqargan. Rasmiylarga ko‘ra, haydovchi giyohvand modda ta’sirida bo‘lgan, uning haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan. Guvohlarning Kun.uz muxbiriga aytishicha, kamida 2 ta Damas, bitta Matiz va Li 9 avtomobillariga turli darajada zarar yetkazilgan.

Mavzuga oid