Fitso Zelenskiyni chegarada uchrashib, gaz tranzitini muhokama qilishga chaqirdi. Ukraina prezidenti esa uni Kiyevga taklif qildi

Jahon 22:47 / 13.01.2025 4224

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Rossiya gazi tranziti masalasi bo‘yicha Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Fitso Slovakiya bosh vazirining Facebookʼdagi sahifasida e’lon qilingan ochiq murojaatida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv Slovakiya hududida, Ukraina chegarasi yaqinida o‘tkazilishi mumkin. Fitsoning hisoblashicha, bu kabi uchrashuv «Slovakiya va boshqa davlatlarga Ukraina hududi orqali gaz yetkazish bo‘yicha ochiq muloqot uchun yaxshi sharoit yaratadi».

«Ukraina orqali Slovakiya va boshqa iste’molchilarga gaz tranzitini to‘xtatish qaroringiz Ukrainaning o‘ziga, Slovakiya va xususan, Yevropa Ittifoqiga ulkan zarar yetkazadi. Bu na ikki tomonlama, na ko‘p tomonlama munosabatlarga mos keladigan aralash reaksiyaga sabab bo‘ladi», — deydi Slovakiya bosh vaziri.

O‘z navbatida Volodimir Zelenskiy ham Robert Fitsoning murojaatiga javob qaytarib, uni Kiyevga taklif qildi. «Yaxshi. Juma kuni Kiyevga keling», — deb yozgan Ukraina prezidenti o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga.

«Gazprom» tomonidan Rossiya gazini Ukraina orqali Yevropaga yetkazib berish 1 yanvardan to‘xtatilgan. Bunga qadar Rossiya gazi YeIning uch davlati — Slovakiya, Avstriya va Vengriyaga yetkazilar edi. Kiyev urush tufayli Yevropaga Rossiya gazi va nefti tranzitini 2025 yildan to‘xtatishini bir necha bor ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Ukraina hukumati boshqa davlatlardan gaz tranzitini amalga oshirishga tayyorligini bildirgan.

Tranzit to‘xtatilishi fonida Slovakiya bosh vaziri va Ukraina prezidenti o‘rtasida tortishuv yuz berdi. Dekabr oxirlarida Fitso Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga kelgan va o‘z tashrifini Zelenskiyga «javob» deb atagan. Ukraina prezidenti ushbu tashrifni «davlat manfaatlari bilan savdo qilish yoki o‘z hamyoni uchun ishlash», deya ta’riflagan.

Gaz tranziti to‘xtatilganidan keyin Fitso Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berilishini to‘xtatish va ukrainalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashni qisqartirish bilan tahdid qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: