Toshkentdagi mehmonxonada rossiyaliklar vafot etgani yuzasidan 4 kishi qamoqqa olindi

O‘zbekiston 11:47 / 10.01.2025 19728

Toshkent shahrida 3 kishi zaharlanib vafot etgan mehmonxonaga isitish qozoni sotgan shaxslar hamda uni o‘rnatgan santexnik qamoqqa olindi. Bu haqda Kun.uz’ning tergov organiga yaqin manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, ish doirasida mehmonxona egasi A.Xo‘jaqulov, unga isitish qozonini sotgan Z.Jamoldinov va A.Yusupov hamda uni o‘rnatgan santexnik N.Qurbonovga Jinoyat kodeksining

186-moddasi 4-qismi «a» bandi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan ayblov e’lon qilingan. Ularning barchasiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, Z.Jamoldinov va A.Yusupov isitish qozonlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. Ular Karaman Palace Hotel mehmonxonasi rahbari A.Xo‘jaqulov va santexnik N.Qurbonov bilan birgalikda mehmonxonaga isitish qozonini o‘rnatgan. Ammo ular tomonidan o‘rnatilgan isitish qozoni xizmat muddatini o‘tagan, eski va konstruksiyasiga o‘zgartishlar kiritilgan, ya’ni kondensat chiqarish tizimidagi sifon olib tashlangan bo‘lgan.

Shu tariqa, suv isitish qozonining kondensat chiqarish quvuri to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya’ni sifonsiz kanalizatsiyaga ulangan, gaz uskunasining dudburonlari noto‘g‘ri, texnik va me’yoriy qoida talablariga zid ravishda o‘rnatilgan. Dudburonlar tekshiruvdan o‘tkazilmay turib isitish qozoni ishlatilgan.

2024 yil 20 oktyabr kuni isitish qozonidan is gazi sizib chiqqan. Buning oqibatida Rossiya fuqarolari – 47 yoshli Inessa Papernaya va 45 yoshli Maksim Radchenko, shuningdek, o‘zbekistonlik 48 yoshli Xushnud Udekov is gazidan zaharlanib, vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasining tegishli xulosalarida ularning o‘limi is gazi va vodorod sulfid gazlaridan o‘tkir zaharlanish oqibatida nafas yetishmovchiligidan ro‘y bergani qayd etilgan.

Bundan tashqari, X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazining sudga oid kompleks texnik ekspertizasi xulosasida isitish qozonlari eskirgani va xizmat qilish muddati o‘tib bo‘lgani, konstruksiyasiga o‘zgartirishlar kiritilib, kondensat chiqarish tizimidagi sifon olib tashlangani hamda kondensat chiqarish quvuri to‘g‘ridan to‘g‘ri kanalizatsiya tizimiga ulangani qayd etilgan. Shuningdek, xulosada kondensat chiqarish tizimi nosoz bo‘lgan isitish qozonlaridan foydalanish, sifonsiz kanalizatsiya quvuriga ulash is gazi sizib chiqishiga olib kelishi va buning oqibatida zaharlanish xavfi paydo bo‘lishi, gaz uskuna va jihozlari texnik hamda me’yoriy qoida talablariga asosan o‘rnatilmagani, isitish ventilyatsiya va konditsiyalash talabiga rioya qilinmagani oqibatida is gazining chiqishi aniqlangani keltirib o‘tilgan.

Hodisa haqida

Inessa Papernaya Rossiyaning Lenta.ru nashri jurnalisti bo‘lgan. U hamrohi 45 yoshli Maksim Radchenko bilan Mirobod tumanidagi Karaman Palace Hotel’da bo‘lishgan. 20 oktyabr kuni ular nonushtaga chiqmagan. Mehmonxona xodimlari ayol yotgan xonaga qo‘ng‘iroq qilganda hech kim javob bermagan. Shundan so‘ng xodimlar xonaga kirishgan va vannada Inessa va Maksimning jonsiz yotganiga guvoh bo‘lishgan. Mehmonxonaning boshqa xonasida o‘zbekistonlik Xushnud Udekov ham vafot etgan. Keyinchalik rossiyalik jurnalistning qonida is gazi alomatlari topilgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: