SSSRda yashirilgan fojialar – Moskvadagi Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan mehmonxona qanday yonib ketgandi?

Jahon 16:48 / 05.01.2025 26890

Zulm saltanati sifatida tarix sahnida 69 yil yashagan SSSRda odamlar o‘limi bilan bog‘liq juda ko‘p hodisalar ommadan yashirilgan.

Bundan maqsad, SSSRda barcha shod-xurram, farovon yashayapti, bu mamlakatda halokatlar, jinoyatlar, ommaviy to‘polonlar sodir bo‘lmaydi degan yolg‘on targ‘ibotni omma ongiga singdirish bo‘lgan.

1977 yilda Moskvada sodir bo‘lgan halokat ham o‘z davrida ommadan yashirilgan edi. O‘shanda nafaqat SSSRdagi, dunyodagi eng yirik “Rossiya” mehmonxonasiga o‘t ketgan va ko‘plab odamlar halok bo‘lgandi.

Yong‘in mehmonxona bo‘ylab tarqalar ekan, hodisa joyiga SSSR ichki ishlar va Mudofaa vazirlari, KGB rahbari va boshqa yuqori lavozimli shaxslar yetib kelgandi.

Minglab o‘t o‘chiruvchilar olovni o‘chirish uchun qariyb bir sutka kurash olib borishadi. Yong‘in o‘chirilganda muhtasham mehmonxona vayrona holga tushgan edi.

Ginnessning rekordlar kitobiga kirgan mehmonxona

Rossiya mehmonxonasi 1964-1967 yillar oralig‘ida shundoqqina Kreml yaqinida, shaharning tarixiy “Kitaygorod” deb ataladigan qismiga tutash qilib qurilgandi.

Mehmonxona qurilishidan avval sovet mutaxassislari Yevropa va Amerikada bo‘lib, zamonaviy mehmonxonalar qurilishini o‘rganishadi.

Mehmonxonani jihozlashda Amerikaning mehmonxonalar tarmog‘iga egalik qiluvchi Hilton kompaniyasi mutaxassislarini chaqirib, maslahat olishadi.

O‘sha paytlarda SSSRda turli obektlarni oktyabr oyiga, eski taqvim bilan 1917 yil 7 noyabrda sodir etilgan davlat to‘ntarishi kuniga topshirish odat edi. Sovetlar bu kunni “Ulug‘ Oktyabr revolyutsiyasi kuni” deb nomlashardi.

Moskvadagi mehmonxona bitgandan so‘ng uni ham bayram kuni 7 noyabrda ochishga qaror qilishadi. O‘sha kuni sovet rahbarlari ishtirokida lenta kesiladi va mehmonxona ochilgani e’lon qilinadi. Unga “Rossiya” deb nom berishadi.

“Rossiya” G‘arb davlatlaridagi besh yulduzli mehmonxonalar kabi jihozlangan va unda asosan mahalliy amaldorlar hamda xorijiy mehmonlar tunab qolardi. Mehmonxonaga xorijliklar “Rus Hiltoni” deb nom berishgandi.

Mehmonxona to‘rtburchak shaklda, to‘rtta 12 qavatli, bitta 23 qavatli korpusdan iborat edi. “Rossiya”da 3 100 ta xona bo‘lgan va u bir vaqtning o‘zida 5 300 nafar mehmonni qabul qila olgan.

O‘z davrida “Rossiya” dunyodagi eng yirik mehmonxona bo‘lgan

O‘sha paytlarda bunday yirik mehmonxona dunyoning hech qayerida yo‘q edi. Shu sababli 1970-yillar boshlarida “Rossiya” eng yirik mehmonxona sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgandi.

Mehmonxonadagi konsert zalida yulduz qo‘shiqchilar konsert berishgan. Undagi kinoteatrda filmlar namoyish etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mehmonxona o‘z faoliyati davomida 10 milliondan ortiq mehmonga xizmat ko‘rsatgan. Ularning 2 milliondan oshig‘i xorijliklar bo‘lgan.

“Rossiya” mehmonxonasida davlat rahbarlari va boshqa taniqli shaxslar ham mehmon bo‘lgan. Jumladan, SSSRning so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyov, AQShni 1988-1992 yillar davomida boshqargan Katta Jorj Bush, mashhur bokschi Mayk Tayson shu mehmonxonada tunab qolishgan.

Hodisa

1977 yil 25 fevral. Kechki payt, soat 21:30 larda “Rossiya” mehmonxonasining konsert zalida qiziqchi Arkadiy Raykin tomosha qo‘ymoqda.

Raykin tomosha chog‘ida “O‘rtoqlar, mehmonxonada kichik yong‘in yuz bermoqda. Olovni o‘chirib bo‘lishguncha vahima ko‘tarilmasligi uchun biz sizlarni shu yerda chalg‘itib turishimiz kerak”, deydi.

Zaldagilar mashhur qiziqchining gaplarini navbatdagi hazil deb tushunishadi va kulishda davom etishadi. Aslida esa yirik mehmonxonaning boshqa tomonida haqiqatan yong‘in sodir bo‘layotgandi.

O‘shanda avvaliga tutunni hech kim sezmaydi. Yong‘in boshlanganini bilishganda esa yong‘in ancha joyga yoyilib ulgurgandi.

Shundan so‘ng bu haqda sahna ortida bo‘lgan qiziqchiga sekin shiptishadi va konsert zalda bo‘lgan mingdan ortiq tomoshabinni yong‘inni o‘chirib bo‘lguncha chalg‘itib turishni buyurishadi. Lekin olovni o‘chirish oson bo‘lmaydi va u ancha vaqt davom etadi.

Voqea joyiga yetib kelgan Moskva shahar IIB Yong‘inga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i general Antonov vaziyat jiddiyligini ko‘rib, darhol rahbariyatga ma’lumot beradi.

Shundan so‘ng yong‘in bo‘layotgan joyga SSSR Ichki ishlar vaziri Shchyolokov, KGB boshlig‘i Yuriy Andropov, Mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov, hukumat raisi Kosigin va boshqa rahbarlar yetib keladi.

SSSR rahbari Yuriy Andropov va Mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov

Olov kuchaygan paytda 5, 11 va 12-qavatlar yonardi. Yong‘in boshlangandan so‘ng Moskva shahridagi o‘t o‘chirish boshqarmasiga hodisa haqida 50 dan ortiq xabar kelib tushadi.

O‘sha kuni mehmonxonada juda ko‘p odam bor edi. Ular SSSRning turli hududlaridan kelgan yuqori lavozimli amaldorlar va chet elliklar bo‘lgan.

Bundan tashqari, mehmonxonaning 23-qavatida “Kreml” restorani joylashgan va yong‘in boshlangan paytda u yerda 250 nafar odam bo‘lgan.

Bu odamlarning asosiy qismi restoran xizmatchilari – oshpazlar, ofitsiantlar, orkestr musiqachilari bo‘lgan. 11 va 12-qavatda sodir bo‘layotgan yong‘inning achchiq tutuni ularning pastga tushish yo‘lini to‘sib qo‘yadi.

O‘tni o‘chirish uchun mehmonxonaga Moskva shahri va viloyatidan 1 400 nafar o‘t o‘chiruvchi, 35 ta suv sig‘imiga ega maxsus mashina, 61 ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilinadi.

O‘t o‘chiruvchilar pastki qavatlardagi olovni o‘chirishadi. Biroq o‘sha paytda dunyoning ikkinchi qutbi sifatida o‘zini qudratli davlat deb biladigan SSSRda 11 va 12-qavatlardagi olovni o‘chirishga maxsus texnika topilmaydi. Oqibatda 23 qavatli korpusning tepa qavatlarida bo‘lganlar qamalda qolib ketishadi.

O‘t o‘chiruvchilar binodan jami mingdan oshiq odamni olib chiqishadi. Biroq 11 va 12-qavatlarda bir guruh odamlarning chiqish eshigini olov to‘sib qo‘ygandi.

O‘sha paytlarda sovet o‘t o‘chirish mashinalaridagi narvonlar 7-8-qavatlargacha yetardi xolos. Ikkita narvoni 52 metrli va bitta 62 metrli o‘t o‘chirish mashinalari bor edi. Biroq ular bilan olovni batamom o‘chirib bo‘lmasdi.

Ana shunday sharoitda o‘t o‘chiruvchilar qahramonlik ko‘rsatishadi. Ular narvonlarni bir-biriga bog‘lab, yuqori qavatlarga chiqishadi va 50 kishini qutqarishadi. Ungacha esa ancha odam nobud bo‘ladi.

Bir necha soat davom etgan kurashdan so‘ng olov o‘chiriladi. Shundan so‘ng binodan chiqishga ulgurmay halok bo‘lgan va kuyib tan jarohati olganlarni olib chiqa boshlashadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni 42 kishi vafot etgandi. Ularning 12 nafari ayol, 30 nafari erkak bo‘lgan. Biroq norasmiy ma’lumotlarda o‘lganlar soni ikki-uch karra ko‘p bo‘lgani aytiladi.

Shuningdek, 52 kishi, ular orasida 13 nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor edi, turli darajada kuyish jarohatini oladi. Yong‘indan bir necha kun o‘tgach, shifoxonaga yotqizilganlardan yana 20 kishi vafot etadi.

Surishtiruv va hodisaning yashirilishi

Yong‘in o‘chirilgandan so‘ng KGB hodisa tafsilotlari haqida ommaga ma’lumot berishni taqiqlab qo‘yadi. Biroq odamlar mehmonxonada nima bo‘lganini bilib bo‘lgandi.

Oradan to‘rt kun o‘tgach ayrim markaziy gazetalar “Rossiya” mehmonxonasida kichik ko‘ngilsizlik bo‘lgani va bir necha kishi yengil jarohatlangani” haqida xabar beradi xolos.

Hodisa sabablarini o‘rganish uchun maxsus hukumat komissiyasi tuziladi. Olti oydan oshiq davom etgan tekshiruvlardan so‘ng komissiya yong‘in sababini topa olmaydi.

"Rossiya" mehmonxonasi shahar markazida, Kreml yaqinida qurilgandi.

Ammo taxminlar bor edi. Ularning biriga ko‘ra, yong‘inga mehmonxona radiouzeli joylashgan xonada yoniq qoldirilgan elektr jihoz sabab bo‘lgan.

Boshqa versiyaga ko‘ra, yong‘in o‘sha kuni mehmonxonada maxsus tadbirini o‘tkazgan KGB xodimlarining e’tiborsizligi tufayli kelib chiqqan.

Bu hodisaning turli talqinlari ham bor. Unga ko‘ra, mehmonxonada KGB xodimlari bilan birga IIB ham nazorat o‘rnatgan va ko‘pincha ikki soha xodimlari bir-birlari bilan bahslashib turardi.

Yong‘in sodir bo‘lgan kuni KGB xodimlari militsionerlar o‘tiradigan xonani yoqib yuboradi. Olovni tezda o‘chirgan militsionerlar bunga javoban KGB xodimlari o‘rnatgan eshitish moslamalarini nazorat qiladigan uskunalarga o‘t qo‘yadi. Shundan so‘ng yong‘in boshlanadi.

Yana bir taxminga ko‘ra, o‘sha kuni mehmonxonada gruzin va abxaz millatiga mansub shaxslar ham bo‘lgan va ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Oqibatda yong‘in kelib chiqqan.

Oxir-oqibat, yong‘in sodir bo‘lishida “Rossiya” radiouzelida ishlovchi ikki xodim, yong‘inga qarshi kurash uchun mas’ul bo‘lgan xodim, bosh muhandis va mehmonxona direktori ayblanadi.

Direktor, bosh muhandis va mas’ul xodim Oktyabr revolyutsiyasining 60 yilligi munosabati bilan afv etiladi. Biroq ko‘p o‘tmay mehmonxonada yong‘in xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan xodim o‘z joniga qasd qiladi. 1978 yilda radiouzelning ikki xodimi sud qilinib, bir necha yilga qamaladi.

Mashhur "Mimino" filmining ayrim kadrlari "Rossiya" mehmonxonasida suratga olingandi.

Mehmonxonaning ta’mirlanishi

Yong‘in o‘chirilgandan keyin o‘tkazilgan tekshiruvlarda mehmonxona jiddiy shikastlangani aniqlanadi. Jumladan, 87 ta xona yonib ketgan, yana ko‘plab xonalar o‘t o‘chiruvchilar sepgan suv va ko‘pik tufayli ta’mirtalab bo‘lib qolgandi.

Yong‘in sodir bo‘lgandan 2 kun o‘tib, 27 fevral kuni Moskva shahar qo‘mitasi raisi Viktor Grishin arxitektorlar va quruvchilarni yig‘ib majlis o‘tkazadi.

Majlisda mehmonxonani ta’mirlash masalasi ko‘rib chiqiladi. Grishin “Rossiya”ni 9 may G‘alaba kunigacha to‘liq ta’mirdan chiqarish lozimligini aytadi.

U quruvchilar va arxitektorlardan mehmonxonani ko‘zdan kechirib, asliday qilib ta’mirlash uchun qanday materiallar kerakligini ro‘yxat qilib berishlarini so‘raydi.

Quruvchilar va arxitektorlar bir necha kunda ro‘yxatni qilib berishadi va ularga ro‘yxatdagi barcha qurilish materiallari muhayyo qilinadi.

Belgilangan muddat qisqaligi uchun quruvchilar kecha-yu kunduz mehnat qiladi va 29 aprel kuni ishlarni tugallashadi. Shundan so‘ng mehmonxona yana faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mehmonxonani ta’mirlash uchun 20 mln rubl ishlatiladi. O‘sha paytda bu summa 30 mln dollar atrofida bo‘lardi.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa mehmonxonani ta’mirlashga 40 mln rubl yoki 60 mln dollar atrofida mablag‘ sarflangan.

Mehmonxonaning “snos” qilinishi

1991 yilda SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ham bir muddat Rossiya mehmonxonasi Moskva shahar hokimligi ixtiyorida qoladi.

1994 yilda shahar meri Yuriy Lujkov mehmonxonani rekonstruksiya qilish haqidagi farmoyishni imzolaydi. O‘shanda rekonstruksiya ishlariga 235 mln dollar sarflanishi ko‘zda tutilgandi.

Biroq sarmoyadorlar topilmagani uchun rekonstruksiya ishlari qilinmaydi. Shu tariqa ayrim tadbirlarni aytmaganda mehmonxona qarovsiz qolib ketadi.

2004 yilda Moskva shahar hokimligi Rossiya mehmonxonasini “snos” qilish va uning o‘rnida zamonaviy mehmonxona majmuasini qurish haqida qaror qabul qiladi.

Yangi loyihani amalga oshirish uchun o‘tkazilgan tenderda qatnashgan Bauholding Strabag AG konserni va Dubai Investmens kompaniyasi 2 mlrd dollarlik sarmoya taklif etadi.

Mehmonxonaning buzib olinishi

“Monab” kompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblanadigan Yevrofinansbank esa 1,45 mlrd dollarlik loyiha taklif etadi. Biroq tenderni o‘ta shubhali tarzda 830 mln dollarlik loyiha taklif etgan “ST Devolepment” yutib oladi.

“Monab” kompaniyasi tender nohalol o‘tkazilgani yuzasidan sudga murojaat qiladi. Sudda tender o‘tkazish jarayonida ayrim qonunbuzilish holatlari aniqlangani aytiladi. Biroq natija o‘zgarishsiz qoladi.

2006 yil 1 yanvarda mehmonxonani buzib olish ishlari boshlanadi. Ishlar 2008 yilda tugatilishi belgilangandi. Biroq “Rossiya”ni buzib olish ishlari 2010 yilgacha davom etadi.

"Rossiya" mehmonxonasining o‘rnida keyinchalik istirohat bog‘i tashkil etilgan.

Oxir-oqibat tenderda g‘olib chiqqan “ST Devolepment” ham yutqazadi. Chunki 2012 yilda mehmonxona o‘rnidagi qurilishlarni ko‘zdan kechirish uchun kelgan Vladimir Putin o‘sha yerda istirohat bog‘i tashkil etish haqida gapiradi.

Shundan so‘ng barcha loyiha bekor qilinadi va mehmonxona o‘rnida istirohat bog‘i tashkil etiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: