Yevropa kengashi Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyati bo‘yicha Maxsus tribunal tashkil etishning huquqiy asoslarini kelishib oldi, deb xabar beradi BBC. Agar tribunal tashkil etilsa, u Xalqaro jinoiy suddan mustaqil bo‘ladi.
Bosqinchilik jinoyati bu — boshqa davlatga qarshi urush ochishdan iborat bo‘lgan xalqaro jinoyatlarning alohida toifasidir. Mojaroning oddiy ishtirokchilari ham, har ikki tomonning komandirlari ham javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlardan farqli o‘laroq, bosqinchilik jinoyatida javobgarlik faqat hujum qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan mamlakat oliy rahbariyati zimmasiga yuklanadi. Shunday qilib, tribunal tashkil etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinsa, uning faoliyati birinchi navbatda Vladimir Putinga qaratiladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Putin Ukrainaga hujum qilish to‘g‘risida qaror qabul qilib va uning suverenitetini buzib, «bosqinchilik jinoyatini sodir etganiga shubha qilmasligini» bildirdi. «U bu haqida ochiqchasiga gapirgan», — deydi Kallas.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ham Rossiyaning harakati xalqaro huquqni qo‘pol buzish ekanini ta’kidladi: «Rossiya BMT nizomini buzib, tanklarda Ukraina chegarasini bosib o‘tishga qaror qilganida, u eng og‘ir jinoyatlardan biri — bosqinchilik jinoyatini sodir etdi. Endi adolat o‘rnatiladi. Ukraina uchun adolat».
Tribunal tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh muzokaralarida ishtirok etgan «Yevropeyskaya Pravda» manbasining ma’lum qilishicha, jarayon Ukraina va Yevropa kengashi o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuv asosida ishga tushiriladi. Shu bilan birga nashr suhbatdoshining qayd etishicha, tribunal aslida Putinga qarshi qaratilgan.
Tarkibida 41 ta davlat vakili bo‘lgan ishchi guruh hozirgacha 13 marotaba uchrashuv o‘tkazgan. Yakuniy, 14-uchrashuv aprel oyida bo‘lib o‘tishi va unda Maxsus tribunalni tashkil etish to‘g‘risidagi hujjat imzolanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil mart oyida Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergandi. Sud Rossiya prezidentini harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumonlamoqda. Putin «ushbu jinoyatlar uchun bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda yoki boshqa shaxslar orqali, shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan fuqarolik va harbiy xizmatchilar ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin».