Rossiya va Ukraina o‘zaro harbiy asirlar almashuvini o‘tkazdi, deb xabar beradi RF Mudofaa vazirligi.
Qayd etilishicha, tomonlarning har biri 150 nafardan asirni ozod etgan. Asirlar almashinuvi Birlashgan Arab Amirliklari vositachiligida amalga oshirilgan.
Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, ozod etilgan rossiyaliklar hozirda Belarusda bo‘lib, yaqin kunlarda ular davolanish va reabilitatsiya uchun Rossiyaga yuboriladi.
Asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tganini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, uyiga qaytayotgan ukrainalik harbiy xizmatchilarning ayrimlari ikki yildan ortiq vaqt davomida asirlikda saqlangan.
Bundan oldingi asirlar almashinuvi 15 yanvarda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda Moskva va Kiyev bir-biriga 25 nafardan harbiy xizmatchilarni topshirgan. Undan oldin Ukraina va Rossiya 2024 yil 30 dekabrda asirlarni almashgandi, biroq tomonlar turli raqamlarni ko‘rsatgan. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, 189 nafar ukrainalik, jumladan, ikki tinch fuqaro o‘z vataniga qaytgan. Moskva almashish «150 ga 150» formulasi bo‘yicha amalga oshirilganini da’vo qilgan.