“BYD Uzbekistan uchun navbatdagi sovg‘a”. Iqtisodchilar – utilizatsiya yig‘imining karrasiga oshirilishi haqida

O‘zbekiston 17:14 4815

O‘zbekiston hukumati elekromobillar importini keskin qimmatlashtirishga qaror qildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu qarorni tor doiralar manfaati yo‘lida “butun mamlakatning strategik tanlovi va imijini so‘roq ostiga qo‘yish”, deb baholadi. Boshqa bir iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, “ulkan byurokratik maxluq O‘zbekiston iqtisodiyotini yutib yuborishda davom etyapti”.

Hukumat 2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini 2,3 barobardan 4 barobargacha oshirishga qaror qildi. Yangi yig‘im transport vositasi ishlab chiqarilgan yilga qarab 45 mln so‘mdan 78,5 mln so‘mgacha bo‘ladi.

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmay qabul qilib yuborilgan bu qaror faollar orasida keskin e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.

Bu – BYD Uzbekistan uchun navbatdagi sovg‘a”

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, utilizatsiya yig‘imlarining 4 karra oshirilishi O‘zbekistonga elektromobil olib kelib sotuvchi BYD Uzbekistan manfaatlariga ishlaydi.

“BYD Uzbekistan Factory va BYD Central Asia maxsus imtiyozga ega, ular elektromobillar sotuvida utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan. Yana bir chayqovchi monopolist UzAuto Motors ham yashirin qarorlar bilan utilizatsiya yig‘imini to‘lamasligini ko‘pchilik bilsa kerak.

JSTga kirish e’lon qilingan va jarayon eng yuqori siyosiy darajada faollashtirilgan bir vaqtda g‘irt ikkiyuzlamachi qadam. Qanaqadir tor to‘dalar uchun butun bir mamlakatning strategik tanlovi va imijini so‘roq ostiga qo‘yish bu”, – deya yozdi iqtisodchi.

Ulkan byurokratik maxluq iqtisodiyotimizni yutib yuborishda davom etyapti”

Iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, oldin rasmiylar raqobatni bo‘g‘ish, iqtisodiyotga davlat aralashuvini kengaytirish bo‘yicha haftada bir marta tashabbus bilan chiqishgan bo‘lishsa, endi bu borada “har kunlik rejimga o‘tib olishgan”.

“Yashil texnologiyalardan foydalanishni “kengaytirish” maqsadida elektr transport vositalariga soliqni oshirish, Toshkent doimiy ravishda dunyoning eng iflos shaharlari ro‘yxatidan o‘rin olayotganini hisobga olsak, kuchli bayonot bo‘lishi shubhasiz. Shunchaki, super”, – deydi Yusupov.

Uning fikricha, “bularning barchasi yana bir monopoliyani yaratish uchun qilinyapti”. Har doimgidek, buning uchun pul to‘laydiganlar – iste’molchilar va soliq to‘lovchilar bo‘lyapti, deydi iqtisodchi. Chunki, Yuliy Yusupovga ko‘ra, o‘zbekistonlik iste’molchilar narxi qimmat, sifati esa past avtomobillarni sotib olishyapti, so‘liq to‘lovchilar esa “mahalliy ishlab chiqaruvchilar” uchun turli imtiyozlar va subsidiyalarga o‘z cho‘ntaklaridan pul to‘lamoqda.

“Ulkan byurokratik yirtqich maxluq iqtisodiyotimizni yutib yuborishda davom etmoqda. "Buyuk kelajak" uchun hech qanday imkoniyat qoldirilmayapti. Bundan tashqari, yutib yuborish jarayoni faqat tezlashyapti va iqtisodiyotning qismlarini “hazm qilish” usullari doimiy ravishda takomillashtirilmoqda”, – deya yozdi Yuliy Yusupov.

Ko‘proq yangiliklar: