O‘zbekistondagi mehmonxonada vafot etgan rossiyalik jurnalist qonida is gazi izlari topildi – OAV

Jamiyat 19:29 / 14.11.2024 7208

O‘zbekistondagi mehmonxonalardan birida vafot etgan rossiyalik jurnalist Inessa Papernayaning qonida gemoglobin va karbonat angidrid birikmasi izlari topildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga tayanib «RIA Novosti» xabar berdi.

Sud-kimyoviy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning qoni va ichki a’zolarida karboksigemoglobin (59 foiz), etil spirti (1,36 foiz) va vodorod sulfidi izlari topilgan. Xuddi shunday moddalar Papernaya hamrohining qonida va ichki organlarida borligi aniqlangan.

Karboksigemoglobin — gemoglobin va uglerod oksidining birikmasi bo‘lib, katta hajmdagi is gazi bilan nafas olganda hosil bo‘ladi.

Bosh prokuratura Papernayaning o‘limi bo‘yicha tergov va sud-tibbiy ekspertiza ishlari davom etayotganini ma’lum qilgan.

Rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya 22 oktyabr kuni Toshkentdagi mehmonxonada o‘lik holda topilgan edi. Uning hamrohi rossiyalik Maksim Radchenko ham jonsiz holatda topildi. Taxminlarga ko‘ra, jurnalist is gazidan zaharlangan, deb xabar berdi marhumning onasi. Mehmonxonaning boshqa xonasida O‘zbekiston fuqarosi ham o‘lik holda topilgan edi.

Holat yuzasidan «Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shu bilan birga, rossiyaliklar basseynni tozalashdan keyin ventilyatsiya orqali xonaga kirgan gazdan zaharlanib, halok bo‘lgan degan versiya paydo bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: