ITB O‘zbekistonda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 40 mln dollar ajratadi

Iqtisodiyot 11:07 / 08.01.2025 1145

Vazirlar Mahkamasi «Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Kichik va o‘rta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.

Kichik va o‘rta tadbirkorlikni moliyalashtirishda qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish, taklif etilayotgan moliyaviy xizmat turlarini kengaytirish, shuningdek, islomiy moliyalashtirish salohiyatini oshirish orqali kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

  • O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida 2024 yil 18 aprelda «Kichik va o‘rta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash» loyihasini moliyalashtirish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga jami 30 mln AQSh dollari miqdorida hadli va agentlik to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolangani;
  • O‘zbekiston Respublikasi va ITB (Rivojlanish uchun islom birdamlik jamg‘armasi nomidan) o‘rtasida 2024 yil 18 aprelda loyihani moliyalashtirish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga jami 10 million dollar miqdorida qarz bitimi imzolangani;
  • loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi hissasi soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish ko‘rinishida 0,3 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni tashkil etayotgani;
  • loyihani amalga oshirish uchun loyihaoldi baholash hujjatlari ITB tomonidan ma’qullangani ma’lumot uchun qabul qilindi.

Belgilanishicha:

  • O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
  • ITB ning 30 mln dollar miqdoridagi mablag‘lari loyihada ishtirok etayotgan «Biznesni rivojlantirish banki» ATBga va 7,5 mln dollar miqdoridagi mablag‘lari «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJga resurs sifatida taqdim etiladi;
  • ITB qarz mablag‘larini qaytarish, shu jumladan, qo‘shimcha haq (ustama) va foizlar xarajatlari ishtirok etuvchi tijorat banki, kompaniya hamda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi;
  • Loyiha 2025−2027 yillar davomida amalga oshiriladi;
  • Loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi;
  • Loyihani amalga oshirish davrida LAOG faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha yillik xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvali O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Pulning asosiy qismi — 30 mln dollar murobaha tamoyili bo‘yicha kichik biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi kreditlar bo‘yicha kafillik berish uchun 7,5 mln dollar oladi.

Yana 1,75 mln dollar biznes injiniring va salohiyatni oshirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Summaning qoldig‘i loyihani boshqarish xarajatlari, audit va kutilmagan xarajatlar uchun zaxirani o‘z ichiga oladi.

Ko‘proq yangiliklar: