Bloomberg Yevropada gaz zaxiralari odatdagidan tez kamayib borayotganini ma’lum qildi

Jahon 00:07 / 07.01.2025 3350

Sovuq ob-havo fonida Yevropada gaz zaxiralari o‘tgan yetti yilga nisbatan tezroq sarf bo‘lmoqda. Bu haqda YeI gaz omborlaridagi ma’lumotlarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Agentlikning qayd etishicha, o‘tgan yilning shu vaqtida mazkur gaz omborlari 86 foizga to‘la bo‘lgan, hozir esa ushbu ko‘rsatkich 70 foizni tashkil etmoqda.

Ekspertlar Yevropa joriy mavsumda gaz taqchiligiga duch kelmasligini ma’lum qilmoqda. Ammo Goldman Sachs tahlilchisi Samanta Dartning so‘zlariga ko‘ra, mart oyiga borib gaz qancha kam qolsa, keyingi qish mavsumi uchun zaxiralarni to‘ldirish shuncha qiyin kechadi. Tabiiyki, bu qisqa muddatda narxlar oshishiga olib kelishi mumkin.

Havo haroratining tushib ketganiga qo‘shimcha ravishda texnik muammolar ham paydo bo‘lgan. Xususan, Norvegiyaning Xammerfest shahridagi suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish zavodi faoliyati to‘xtatilgan. 9 dekabrda zavoddagi kompressor ishdan chiqqandi.

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi 2025 yil 1 yanvar kuni Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatganini e’lon qildi. Ukraina hukumati tomonidan 2023 yil oxirida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya gazining mamlakat bo‘ylab quvurlar orqali Yevropaga yetkazilayotgan hajmi 2022 yilga nisbatan 28 foizga kamayib, 15 milliard kub metrni tashkil qilgan. Ukraina bu shartnomadan yiliga taxminan 1 milliard dollar, «Gazprom» esa yiliga 3 milliard dollardan ortiq daromad olayotgan edi.

Avvalroq Yevropada gaz narxi ming metr kub uchun 540 dollarga chiqib, 2023 yil oktyabr oyidan beri eng yuqori darajaga ko‘tarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Yoqilg‘i narxi Rossiya gazining Ukraina orqali Yevropaga yetkazib berilishi to‘xtatilgani fonida qimmatlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: