Oq uy 9 yanvar kuni Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qiladi. Bu haqda Associated Press o‘zining ikki manbasiga tayanib xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiy xabar AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning Germaniyaga tashrifi davomida e’lon qilinadi.
Ushbu paket Jo Bayden administratsiyasining so‘nggi yordami bo‘ladi. Manbalarning ta’kidlashicha, mazkur yordam paketi «sezilarli darajada katta» bo‘lishiga qaramay, AQSh Kongressi Ukrainaga ajratish uchun ma’qullagan 4 milliard dollarning hammasini o‘z ichiga olmaydi.
Bayden administratsiyasi so‘nggi haftalarda Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng Kongress tomonidan Kiyevga ajratilgan va shu vaqtgacha sarflanmagan mablag‘larni o‘tkazishdan bosh tortishi mumkinligidan xavotirlanib, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni tezlashtirdi. Xususan, dekabr oxirida Jo Bayden Ukrainaga jami 2,5 milliard dollar hajmidagi harbiy yordam paketi haqida e’lon qilgandi.
CNN telekanali sentabr oyida AQSh o‘z qurol zaxiralari qisqarayotgani tufayli 2024 yil apreldan Ukrainaga harbiy yordam hajmini qisqartirganini ma’lum qilgan edi. 2024 yil dekabrga kelib yordam paketlari yana oshdi: 3 dekabr kuni Oq uy Ukrainaga 725 million dollarlik, 7 dekabrda — 988 million, 13 dekabrda esa 500 million dollarlik yordamlarini e’lon qildi.