Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston rivojlangan yadroviy energetikaga ega mamlakatga aylanishi uchun bir nechta atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha ishlarni tezlashtirishi kerakligini ma’lum qildi, deb xabar beradi Oqo‘rda matbuot xizmati.
«Atom elektr stansiyalarini qurishni tezlashtirish kerak. Intervyuda aytganimdek, yana ikkita, balki uchta katta stansiya quramiz. Biz Qozog‘istonni yadroviy energetikasi rivojlangan, sun’iy intellekt va raqamlashtirish to‘liq ishlaydigan mamlakatga aylantirishimiz kerak», — deydi To‘qayev Ostonadagi Loyiha ofisiga tashrifi davomida.
Taqdimotlar bilan tanishib chiqqan Qozog‘iston prezidenti hukumat a’zolari asosiy e’tiborni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda salmoqli natija keltiradigan harakatlarga qaratishlari kerakligini ta’kidladi.
Avvalroq To‘qayev «Ona tili» gazetasiga bergan intervyusida Qozog‘istonga katta quvvatli atom elektr stansiyasi kerakligini ma’lum qilgandi. U yaqin kelajakda ikkinchi, ehtimol uchinchi AES qurilishi boshlanishini istisno etmagan.
Qozog‘istonda 2024 yil 6 oktyabr kuni AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilgan edi. Unda ishtirok etganlarning 71,12 foizi respublika uchun bu turdagi elektr stansiyasi kerakligini yoqlab ovoz bergan.