Respublikachilar partiyasidan senatorlar va Vakillar palatasi a’zolari AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning Daniyaga tegishli Grenlandiya va Panama Respublikasi yurisdiksiyasi ostidagi Panama kanalini o‘z nazoratiga olish istagi haqidagi bayonotlariga shubha bilan munosabatda bo‘lishdi. Bu haqda 5 yanvar, yakshanba kuni Amerikaning The Hill nashri xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp 2021 yilda Oq uyni tark etganidan beri bu g‘oyalar Vashingtonda jiddiy muhokama qilinmagan.
Vakillar palatasi tashqi ishlar qo‘mitasining sobiq raisi Maykl Makkol (Texas shtatidan respublikachi) qonun chiqaruvchilar Tramp o‘z prezidentligining boshidayoq Kapitoliy tepaligida xavotir uyg‘otayotgan yirik tashqi siyosiy tashabbuslarni e’lon qilishiga tayyor bo‘lishlari kerakligini aytdi.
Bir qator respublikachi qonun chiqaruvchilar Trampning so‘zlarini kelajakda diplomatiyani mustahkamlashi mumkin bo‘lgan «muzokara» pozitsiyasi sifatida ko‘rishlarini aytishdi.
OAV: Tramp Panama kanalini olishga jiddiy qaror qilgan
25 dekabr kuni The Wall Street Journal nashrida chop etilgan tahririyat maqolasiga ko‘ra, AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Vashingtondan Panama kanali uchun ortiqcha tariflar undirilayotgani haqidagi da’volari asossiz va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
«Trampning Panama amerikaliklarni o‘g‘irlayapti degan da’vosi hech qanday asosga ega emas. Har bir kema, o‘z bayrog‘idan qat’i nazar, tonnaj va turiga qarab bir xil tarif to‘laydi», — deb yozadi material mualliflari. Ularning ta’kidlashicha, 1999 yilda kanalning Panamaga o‘tkazilishi mamlakat «muhim tranzit yo‘nalishini boshqarishga qodir emas» degan xavotir bilan birga kelgan. «Ammo Panama kanali rahbariyati hukumatdan institutsional mustaqillikni saqlab, biznes tamoyillari asosida faoliyat yuritib, yaxshi natijalarga erishdi», deyiladi maqolada.
Konservativ New York Post (NYP) Tramp atrofidagi manbalarga tayanib, 23 dekabr, dushanba kuni Tramp Grenlandiya va Panama kanalini olishga jiddiy yondashgani haqida xabar berdi. «Prezident 100 foiz jiddiy qaror qilgan», dedi nashr suhbatdoshlaridan biri. Boshqa NYP manbalarining ta’kidlashicha, Tramp Grenlandiya va Panama kanali haqida gap ketganda, Rossiya va Xitoyga qarshi kurashda «Amerika hammasidan ustun» strategiyasining bir qismi sifatida hazillashmayapti.