«Protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea bo‘ldi» - malayziyaliklar Shavkat Mirziyoyevning tashrifi haqida

O‘zbekiston 20:46 6151

Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga so‘nggi 20 yil ichidagi ilk rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy munosabat va norasmiy muloqot juda yorqin taassurot qoldirganini ta’kidladi.

Uning yozishicha, Malayziya rahbariyati Shavkat Mirziyoyev bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazish uchun qat’iy protokol qoidalaridan chekinib, yuksak hurmat va ishonch namoyish etgan.

«Xususan, prezidentimizni kutib olishga Malayziya parlamenti spikeri chiqqani, malayziyalik hamkasblarimizning aytishicha, ushbu mamlakat protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea bo‘ldi. Bundan tashqari, Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga butun kun davomida, barcha rasmiy tadbir va uchrashuvlarda hamrohlik qildi. Hattoki muloqotni davom ettirish uchun O‘zbekiston prezidentiga ajratilgan qarorgohga shaxsan tashrif buyurdi. Keyin ular birgalikda, bir mashinada Petronas bosh qarorgohiga yo‘l olishdi, u yerda kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishdi», — deb yozadi Asadov.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti sharafiga uyushtirilgan rasmiy qabul marosimida Malayziya san’atkorlari o‘zining boy tarixi va madaniyati bilan bir qatorda o‘zbek xalqining kuy-qo‘shiqlari, raqslaridan iborat konsert dasturini namoyish etgan.

«Bunday norasmiy va samimiy munosabat ikki yetakchi o‘rtasidagi yaqin do‘stlikdan, O‘zbekiston va Malayziya xalqlarining bir biriga bo‘lgan yuksak hurmati, ikki tomonlama munosabatlarning porloq istiqbolidan dalolat beradi», — deydi prezident matbuot kotibi.

Ko‘proq yangiliklar: