O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezident administratsiyasida shtat birliklari kamida 50 foizga, boshqa davlat tashkilotlarida ham qisqartirish bo‘lishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotga munosabat bildirdi.
Asadovning ta’kidlashicha, bu xabarlar “rasman tasdiqlanmagan”.
«Ta’kidlash joizki, barcha darajalardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, shu jumladan Prezident Administratsiyasidan tortib quyi tashkilotlargacha bo‘lgan barcha idoralarda shtat birliklarini maqbullashtirib borish ishlari bu – doimiy jarayon hisoblanadi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, barcha idoralarda budjet mablag‘laridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash.
Bu jarayonning hajmi va ko‘lami qay darajada bo‘lishi, mazkur yo‘nalishda tegishli o‘rganish va tahlillar o‘tkazilganidan keyingina ma’lum bo‘ladi», – deya ma’lum qildi Asadov.
Prezident matbuot xizmati OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu mavzuga doir xabarlarni tarqatishda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘ramoqda.