Federal tergov byurosi (FBI, FTB) ishi AQSh prezidenti yangi ma’muriyatining kadrlar almashinuvi va ishdan bo‘shatishlar tashabbusidan keyin yuzaga kelgan «xaos» tufayli sekinlashdi, deb yozdi The Wall Street Journal (WSJ).
FTB va Adliya vazirligining yigirmadan ortiq xodimi allaqachon ishdan bo‘shatilgan va Oq uy 2021 yilda Kapitoliy qamalini tergov qilishdagi roli tufayli ishdan bo‘shatilishi mumkin bo‘lgan minglab odamlar ro‘yxatini tuzishga kirishgan.
27 yanvar kuni Donald Trampga qarshi tergov olib borgan kamida o‘n nafar federal prokurorga ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risida bildirishnoma berilgan. Adliya vazirligi yangi rahbariyati AQSh prezidentining rejalarini amalga oshirishda «ularning xizmatiga tayana olmasligini» ma’lum qilgan.
31 yanvar kuni bosh prokuror o‘rinbosari Emil Bove (ilgari Trampning advokatlari guruhida ishlagan) FTB direktori vazifasini bajaruvchi Brayan Driskollga byuroning yuqori martabali rahbarlari iste’foga chiqishi yoki ishdan bo‘shatilishi kerakligi haqida maktub yuborgan. U, shuningdek, byurodan Kapitoliyga bostirib kirish ishini tergov qilganlarning ro‘yxatini taqdim etishni so‘ragan.
Qayd etilishicha, FTB minglab agentlariga 2021 yil 6 yanvardagi tartibsizliklarni tergov qilishdagi roli haqida 12 ta savoldan iborat anketa topshirilgan. 4 fevral kuni Driskoll 5 mingdan ortiq odam haqidagi ma’lumotlarni taqdim etib, Adliya vazirligi talabini bajarganini e’lon qildi. WSJ yozganidek, u yerda faqat ID raqamlari ko‘rsatilgan, nomlar emas. Bove bundan norozi bo‘ldi va FTB barcha xodimlari ro‘yxatini talab qildi, deb yozdi WSJ.
4 fevral kuni bir guruh FTB xodimlari o‘z ismlarini oshkor qilmaslik uchun Adliya vazirligi ustidan sudga murojaat qildi. Ular Tramp tarafdorlari xodimlar ro‘yxatini e’lon qilib, agentlar va ularning oilasini xavf ostiga qo‘yishidan qo‘rqmoqda.
FTB agentlari assotsiatsiyasining WSJ nashriga xabar berishicha, ba’zi xodimlar ishdan bo‘shatishlardan shunchalik xavotirga tushgan-ki, allaqachon ish stollarini yig‘ishtirib qo‘ygan. Assotsiatsiya o‘z a’zolariga xat yuborib, iste’foga chiqmaslik yoki bunday takliflarni qabul qilmaslikka chaqirgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, «bu xaosda byuro ishi sekinlashgan» va FTB yuqori martabali rahbarlari uchun kundalik brifing vaqti «qisqartirilgan».
Yangi ma’muriyat FTB xodimlari oldiga ham yangi vazifalar qo‘ymoqda, deb yozdi WSJ. Xususan, Bove 2001 yil 11 sentabrdagi xurujlardan so‘ng tuzilgan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha tezkor guruhlarga immigratsiya jinoyatlarini tergov qilishga qo‘shilishni buyurgan. FTB xodimlari unga qayta taqsimlash agentlarni terrorizmda gumon qilinganlarni kuzatishdan chalg‘itishini aytganidan keyin u buyrug‘ini yumshatgan.
Bolalarni ekspluatatsiya qilish jinoyatlarini tergov qiluvchi FTB agentlaridan biri o‘zini immigratsiya tekshiruvlarida yordam berish uchun tayinlanganini aytdi.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning FTB direktorligiga nomzodi Kesh Patel byuroning kontrrazvedka va terrorizmga qarshi faoliyati hajmini qisqartiradi. Senatdagi tasdiqlanish jarayonida Patel Xitoy haqida «faqat yuzaki» gapirgan, Rossiya tahdidini umuman esga olmagan.
Patelning yordamchilaridan biri bo‘lajak FTB direktori qimmatli qog‘ozlar firibgarligi va monopoliyaga qarshi qonunbuzarliklar bilan shug‘ullanuvchi agentlarni giyohvand moddalar savdosi va ko‘cha jinoyatlarini tekshirishga o‘tkazadi, deb hisoblamoqda.