«Konvert»da to‘lanadigan maoshlar ustidan nazorat, elektron auksionga chiqariladigan qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘zbek madaniyati elchisiga aylangan yapon qo‘shiqchisi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
«Konvertda to‘lanadigan» maoshlar ustidan nazorat kuchaytiriladi
O‘zbekiston xufiyona faoliyat yuritib, «konvertda» maosh to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazoratni kuchaytiradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ikki yil oldin savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalar uchun ijtimoiy soliq 1 foizga tushirilgan edi. Bu davrda korxonalar soni 1,5 barobar oshib, ishchilar soni 220 mingga ko‘paydi. Ish haqini rasmiylashtirish hisobiga oyliklar 3,2 barobar o‘sib, budjetga 2,1 trln so‘m qo‘shimcha soliq tushgan.
Shuning uchun tadbirkorlar mazkur imtiyozni yana uch yilga uzaytirishni so‘ragan va bu taklif ma’qullangan. Endi imtiyoz 30 yoshgacha bo‘lgan va kamida 3 mln so‘m maosh oladigan servis sohasi ishchilariga tatbiq etiladi. Shuningdek, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida qisqa muddatli mehnat shartnomalariga ruxsat beriladi.
Iste’molchilarga 1 trln so‘m keshbek to‘lab berilgan
O‘tgan yil davomida iste’molchilar tomonidan 1 mlrd xarid cheki ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga 1 trln so‘mdan ortiq keshbek qaytarildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Eng ko‘p keshbek qaytarilgan hududlar sifatida Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlari tilga olingan.
Ma’lumot uchun, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmatlar uchun berilgan cheklarga keshbek 2022 yilda joriy qilingan. 2024 yildan bu bonusning 1 foizlik qaytarilishiga BHM 60 baravari miqdorida chegara o‘rnatildi.
Xivaga aviareys yo‘qligi tanqid ostiga olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Xorazmga rejalashtirilgan 6 million sayyohni jalb etishda transport masalalari asosiy to‘siqlardan biri ekani qayd etildi. Samarqand va Buxoroga kelgan sayyohlarning ko‘pchiligi Xivaga aviaqatnov yo‘qligi sababli ortga qaytishga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, xususiy tibbiy klinikalarga kelayotgan uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tadbirkorlarning tibbiy laboratoriya ochish jarayonlaridagi muammolar ta’kidlandi. Har bir hududda servis rivojini ta’minlash uchun vazirlar va hokimlar tashabbus ko‘rsatishi zarurligi ta’kidlandi.
Bu yil xizmatlar hajmini 15 foizga oshirib, 82 milliard dollarga yetkazish, eksportni 8,5 milliard dollarga olib chiqish va sohada 2,5 million odamni daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligi yerlari elektron auksion orqali ijaraga beriladi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ajratishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Prezident farmoniga ko‘ra, yerlar 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda E-auksion platformasi orqali onlayn savdoga qo‘yiladi.
Ijarachilar 49 yilga yerdan foydalanish va uni qayta ijaraga berish huquqiga ega bo‘ladi. Ular tuproq unumdorligini saqlash, ekinlarni almashlab ekish va soliq tizimiga realizatsiya qilingan mahsulotlar haqida ma’lumot kiritish majburiyatini oladi.
Auksionda barcha rezident va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalar qatnashishi mumkin. G‘olib o‘z yuridik manzilini yer uchastkasi joylashgan hududga o‘tkazishi shart. Yangi tizim 2025 yil bahorgi ekish mavsumigacha pilot tarzida belgilangan tumanlarda ishga tushadi.
Yaponiyalik qo‘shiqchi «O‘zbek madaniyati elchisi»
Yaponiyalik qo‘shiqchi Mashu Komazaki «O‘zbek madaniyati elchisi» maqomini oldi. Bu sharafli unvon unga O‘zbekiston va Yaponiya madaniy aloqalarini mustahkamlashdagi hissasi uchun berildi.
Tokio musiqa universiteti bitiruvchisi Komazaki 2015–2017 yillarda Buxoroda musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan, o‘zbek milliy sozlarini, jumladan, dutor chalishni o‘rgangan. U 2018 yildagi Xalqaro maqom san’ati anjumani va 2024 yildagi «Sharq taronalari» festivalida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Yaponiya elchixonasida o‘tgan tadbirda elchi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov unga maxsus nishon va sertifikat topshirdi. Komazaki bunday unvon olgan birinchi yapon fuqarosi sifatida faxrlanishini va O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilishni davom ettirishini bildirdi.