O‘zbekiston | 20:30 / 06.03.2025
3468
6 daqiqa o‘qiladi

6 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Permdagi avtohalokatda o‘lgan o‘zbekistonliklar, Namangandagi soxta «prava»li haydovchi, Samarqandda bog‘chada kaltaklangan bolalar va oltin xaridi bo‘yicha peshqadam O‘zbekiston — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Soxta «prava»li haydovchi

Namanganda soxta haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchi yo‘l patrul xizmati inspektoriga pora bermoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi.

26 yoshli Abdug‘ani Abdug‘aniyev Namanganda to‘xtatilganda u soxta haydovchilik guvohnomasi bilan mashina haydab kelayotgani ma’lum bo‘ladi. U chora ko‘rmaslik uchun yo‘l-patrul xizmati inspektoriga 600 ming so‘m va 100 dollar pora ham taklif qildi, lekin xizmatchi uzatilgan porani olmaydi, qaytaga tadbir uyushtirib, haydovchini ushlab beradi.

Namangan viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi uning guvohnomasi qalbaki ekanini tasdiqladi. Sudda haydovchi hujjatni Rossiyaning Kaliningrad shahrida yasattirganini tan oldi.

Kosonsoy tuman sudi unga 2 yil 2 oy ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Haydovchi uy qamog‘ida qolgan, ammo soxta guvohnomani yasab bergan shaxslar noma’lumligicha qolmoqda.

Soxta «prava» bilan O‘zbekistonda endi mashina haydab bo‘lmaydi. Chunki bu ma’lumotlar allaqachon raqamlashtirib bo‘lingan.

Rossiyadagi avtohalokatda uch o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Rossiyaning Perm o‘lkasida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida 3 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi, yana 3 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 22 fevral tongida «Osa — Chernushka» trassasida sodir bo‘lgan. O‘zbekiston davlat raqamidagi Lada Largus va SIMAZ rusumli avtobus to‘qnashgan.

Yengil avtomobildagi ikki kishi voqea joyida, yana biri shifoxonada vafot etgan. Jabrlanganlar Osa markaziy shifoxonasiga joylashtirilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan Lada Largus haydovchisi ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib, avtobusga yo‘l bermagan. Hodisa bosh konsulxona nazoratida bo‘lib, halok bo‘lganlarning jasadlari yurtiga yetkazilgan.

Samarqandda tarbiyachi bolalarni kaltakladi

Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi 25-sonli davlat bog‘chasida tarbiyachi bolalarga zo‘ravonlik qilgani aniqlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda u bolalarga baqirib, ba’zilariga qo‘l ko‘targani aks etgan.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 14 fevral kuni sodir bo‘lgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudi tarbiyachi G.A.ga 1,1 mln so‘m miqdorida jarima tayinladi. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi o‘zining tashabbusi bilan bekor qilingan.

Bundan oldin Toshkent shahridagi «Tanzilandiya» xususiy bog‘chasi va Toshkent viloyati Parkent tumanida ham tarbiyachilar bolalarga zo‘ravonlik qilgani haqida xabar qilingandi.

Daraxtlar kesilishi kamaymoqda — ekovazirlik

Ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda noqonuniy kesilgan qimmatbaho daraxtlar soni 1098 tani tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2022 va 2023 yillarga nisbatan kamaygan.

Vazirlik inspektorlari tomonidan daraxtlar kesilishining oldini olish uchun doimiy nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Prezidentning 2019 yildagi farmoniga asosan, qimmatbaho daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilgan bo‘lib, 2021 yilda uning muddati cheksiz davrga uzaytirilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda noqonuniy kesish holatlari 1669 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 1097 taga tushgan. Jamoatchilik nazorati va profilaktika tadbirlari tufayli 2024 yilda 634 mingdan ortiq daraxt saqlab qolingan.

Ekologiya vazirligi noqonuniy kesish holatlarini keskin qoralab, nazorat tadbirlari davom etishini ma’lum qildi.

Budjet tashkilotlari elektron to‘lov tizimiga o‘tadi

2025 yil 1 iyuldan boshlab aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, gaz va neft mahsulotlari sotuvchilar va mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslar majburiy ravishda elektron to‘lov tizimlariga ulanadi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat to‘lov tizimlarini rivojlantirish va naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish maqsadida tasdiqlangan. Elektron to‘lovni rad etgan yuridik shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha taklif tayyorlaydi. Strategik islohotlar agentligi esa 2025-2030 yillarda elektron to‘lovlar ulushini oshirish rejasini ishlab chiqadi.

O‘zbekiston oltin xaridi bo‘yicha peshqadam

O‘zbekiston 2025 yil yanvar oyida 8 tonna sof oltin xarid qilib, dunyodagi eng yirik oltin xaridoriga aylandi. Jahon oltin kengashi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning umumiy oltin zaxiralari 391 tonnaga yetdi va xalqaro zaxiralaridagi ulushi 82 foizni tashkil qildi.

Yanvar oyida markaziy banklarning umumiy oltin xaridlari 18 tonnaga yetdi. O‘zbekiston, Xitoy va Qozog‘iston eng yirik xaridorlar sifatida ajralib turdi. Xitoy Xalq banki oy davomida 5 tonna, Qozog‘iston Milliy banki esa 4 tonna oltin sotib olgan.

Qozog‘iston Milliy banki ham xalqaro zaxiralarni mustahkamlash maqsadida oltin xaridlarini davom ettirishini ma’lum qildi. Uning umumiy oltin zaxiralari 288 tonnaga yetdi.

Mavzuga oid