Muloqot chog‘ida ikki mamlakat savdo aloqalarining izchilligini ta’minlash, tovarlarni o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berish mexanizmlari, davlatlarimizning transport-tranzit salohiyatidan to‘laqonli foydalanish masalalari muhokama qilindi.
"Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqlik tashabbusi O‘zbekiston va Pokistonning tranzit tashuvlardagi hab imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, havo, avtomobil va temiryo‘l infratuzilmalari salohiyatidan oqilona foydalanish, ikki tomonlama savdo hajmlarini maksimal oshirishga xizmat qiladi", - dedi TCS rahbari.
Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi transport/tranzit tashuvlarining uzluksizligini ta’minlash maqsadida kompaniya o‘zaro muqobil yo‘nalishlarni ishlab chiqqanini va foydalanayotganini, bu favqulodda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan tezkor chiqib ketish imkonini berayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Xalid Avan Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida aviakargo xizmatini yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. Ta’kidlashicha, bu xizmat turi tez ayniydigan va qisqa muddatlarda yetkazib berilishi zarur bo‘lgan mahsulotlarni tashishda keng imkoniyatlar yaratadi.
Bundan tashqari, kompaniya Yevropa va Amerika davlatlari bilan turizm yo‘nalishidagi hamkorlik tajribasi asosida O‘zbekiston bilan ham aloqalarni yo‘lga qo‘yish, TCS bosh ofisi qoshida Uzbekistan visa facilitation centre vizaga ko‘maklashish markazini tashkil etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.