Buyuk Britaniya olimlari eronlik hamkasblari bilan hamkorlikda katta tadqiqot o‘tkazdi. Natijada, aerobik mashqlar semizlikdan aziyat chekayotgan odamlarga yog‘ to‘qimasi va umuman tana vaznini sezilarli darajada kamaytirishda yordam berishi tasdiqlandi.
Tadqiqot ko‘rsatishicha, haftasiga 150 daqiqa yoki undan ko‘proq muntazam mashq qilish tana ko‘rsatkichlarining klinik darajada yaxshilanishiga olib keladi.
So‘nggi o‘n yilliklarda butun dunyo bo‘ylab semizlikdan aziyat chekayotgan odamlar soni uch barobarga oshgan. Bu esa sayyoramizdagi katta yoshli aholining yarmidan ko‘prog‘ida ortiqcha vazn yoki semizlik muammosini paydo qilgan. 2019 yildagi Global Burden of Disease tadqiqoti natijalariga ko‘ra, bu holat o‘limga olib keladigan kasalliklar xavfini eng yuqori darajaga yetkazgan. Shu sababli aerobik mashqlar allaqachon vazn nazoratining muhim tavsiyasiga aylangan bo‘lib, haftasiga kamida 150 daqiqalik mashg‘ulot asosiy me’yor sifatida qabul qilingan.
Tadqiqotchilar aerobik mashqlar davomiyligi bilan tana vaznining kamayishi, shuningdek, bel aylanasi va yog‘ to‘qimasi hajmining kamayishi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik mavjudligini aniqlash maqsadida meta-tahlil o‘tkazdi. Buning uchun ular 6 880 kishi ishtirokidagi 116 ta klinik sinov natijalarini tahlil qildi. Ishtirokchilarning o‘rtacha yoshi 46 da bo‘lgan, ularning 61 foizi ayollar edi. Aerobik mashqlarni bajargan ishtirokchilar sakkiz hafta mobaynida kuzatuvda bo‘lgan.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, mashg‘ulotlar vaqtini haftasiga bor-yo‘g‘i yarim soatga ko‘paytirish sezilarli yaxshilanishlarga erishish imkonini beradi. Bunda sinov ishtirokchilarining tana vazni o‘rtacha 0,52 kilogrammga, bel aylanasi 0,56 santimetrga, tanadagi yog‘ to‘qimasi miqdori esa 0,37 foizga kamaygan. Haftasiga 150 daqiqa davom etgan mashg‘ulotlarda ushbu ko‘rsatkichlar yanada yaxshilangan: tana vazni o‘rtacha 2,79 kilogrammga, bel aylanasi 3,26 santimetrga va yog‘ massasi 2,08 foizga kamaydi.
Eng samarali natija esa yuklamani ikki barobarga oshirib, haftasiga 300 daqiqa mashq qilinganda kuzatildi. Bunda tana vazni 4,19 kilogrammga, bel aylanasi 4,12 santimetrga kamaydi, yog‘ miqdori 1,78 foizga pasaydi.
Shunday qilib, tadqiqot natijalari haftasiga o‘rtacha yoki faollik bilan 150 daqiqa aerobik mashqlar bajarish sezilarli natijalar berishi haqidagi avvalgi tavsiyalarni tasdiqlaydi. Qolaversa, tadqiqot mashg‘ulotlar davomiyligini oshirish yanada samarali natijalarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ushbu ma’lumotlar ortiqcha vazn va semizlikka qarshi kurashish bo‘yicha mavjud tavsiyalarni qayta ko‘rib chiqish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘lishi mumkin.