Shimoliy Koreyada kelib chiqishi Janubiy Koreyadan bo‘lgan budae-jige (sosiskali sho‘rva) tayyorlash taqiqlandi. Taqiqni buzganlar mehnat lagerlariga yuborilishi mumkin, deb yozdi The Sun shimoliy Yangan viloyatidagi bozor ishchisiga tayanib.
Budae-jige - Janubiy Koreyada ixtiro qilingan va juda mashhur bo‘lgan sosiskali, go‘shtli va no‘xotli achchiq lag‘mon. 2017 yilda bu sho‘rva Shimoliy Koreyaga kirib bordi va tezda mashhur bo‘ldi.
Biroq, 2024 yilda Pxenyan budae-jigeni Janubiy Koreyadan kelib chiqqanligi sababli tayyorlashni taqiqladi. Uni ko‘chada sotgan yoki uyda pishirgan har bir kishi mehnat lageriga tushib qolish tahdidi ostida qoladi.
«Bozorda budae-jige sotilishi to‘xtatildi. Politsiya va bozor ma’muriyati sho‘rvani sotayotganda qo‘lga tushganlar yopilishini aytdi», dedi sotuvchi ayol.
Shimoliy koreyaliklar dunyoning qolgan qismida ruxsat berilgan boshqa narsalar uchun ham jazolanishi mumkin. Masalan, yaqinda rasmiylar mamlakatda nikohdan ajrashish uchun qo‘llanadigan jazoni sezilarli darajada kuchaytirgan. Jumladan, ajrashish to‘g‘risida ariza berilgandan so‘ng, er-xotin 1 oydan 6 oygacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.
«Men Kimjongsuk okrugi xalq sudiga bordim... u yerda 12 oila ajrashishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Hukm chiqarilgandan so‘ng, ular darhol tuman mehnat lageriga o‘tkazildi», dedi o‘z ismini oshkor qilishni istamagan Yangan viloyatida yashovchi fuqaro.
Ayolning aytishicha, 2020 yildan beri ajrashishlar soni tez sur’atlar bilan oshgan. COVID-19 pandemiyasi boshlanishi bilan butun mamlakat qamalga tushdi va ko‘pchilik oilalarga pul topish juda qiyin bo‘ldi. Yomon iqtisodiy sharoitlar ko‘plab nikohlarning buzilishiga olib keldi. Er-xotinlarning ajrashishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun hukumat ajrashganlarni jazolay boshladi.