Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo hukumat inqirozi tufayli Liberal partiya yetakchiligidan ketmoqda, deb xabar beradi Associated Press.
Vaziyatdan xabardor amaldorning so‘zlariga ko‘ra, 27 yanvardan faoliyatini qayta boshlashi kerak bo‘lgan parlament ishi 24 martgacha to‘xtatiladi. Ushbu muddat Liberal partiya yetakchiligi uchun «poyga o‘tkazish» imkonini beradi.
Asosiy uchta muxolifat partiya parlament qayta tiklanganda ishonchsizlik votumi orqali Liberal partiyani ag‘darib tashlashni rejalashtirgan edi.
«Faoliyatim davomida erishgan har bir muvaffaqiyatim oilamning qo‘llab-quvvatlovi va daldasi tufayli bo‘ldi. Kecha kechki ovqatda qarorim haqida farzandlarim bilan o‘rtoqlashdim, bugun esa sizlarga ma’lum qilmoqdaman: Liberal partiya rahbarligidan va partiyaga yangi yetakchi saylanganidan keyin Kanada bosh vazirligidan ketmoqchiman», — dedi Tryudo.
Tryudo moliya vaziri Xristiya Friland kutilmaganda iste’foga chiqqanidan keyin yetakchilik borasida muammolarga duch keldi. Mamlakatda kuchli ta’sir doiraga ega vazirlaridan biri bo‘lgan Frilend Donald Trampning Kanada tovarlariga bojlar joriy qilish tahdidiga qanday chora ko‘rish borasida Tryudo bilan kelishmovchilikka borgan.
Tryudo partiyasidan saylangan parlamentning bir qancha a’zolari ham uni iste’foga chiqishga chaqirgan. Oxirgi so‘rov natijalari Liberal partiya joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda qaqshatkich mag‘lubiyatga uchrashini ko‘rsatgan.
Jastin Tryudo 2015 yilda hokimiyatga kelgan edi. U ochiq immigratsiya platformasi, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va boylarga nisbatan soliqlarni oshirishni va’da qilgandi.