Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev AZAL aviakompaniyasi samolyotining 25 dekabr kuni Oqtovdagi halokati yuzasidan keskin bayonot berib, yana bir bor Rossiyani fojiaga aloqadorlikda aybladi va adolatli tergov o‘tkazilishini, aybdorlar jazolanishini talab qildi.
Rossiyaning «Agenstvo» telegram-kanali Aliyevning bayonotidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Kreml manfaatlari yo‘lida ishlovchi botlar faollashganiga e’tibor qaratdi. «Botnadzor» va «Blokirovshchik botov» loyihalariga ko‘ra, Ozarbayjon prezidenti bayonoti botlar tomonidan faol sharhlanmoqda. Ular Aliyevning bayonotlarini erta deb atab, tergov natijalarini kutishni talab qilmoqda.
- «Aliyev aqldan ozganligi aniq. Avval tergov tugashini kutish kerak, keyin esa valdirash»
- «Hammasini tekshirib ko‘rishsin, avval tergov qilishsin, keyin og‘zini ochsin»
Sharhlarda Rossiyada «hamma narsa shaffof» ekani, uning aybi haqida hech qanday dalil yo‘qligi ta’kidlangan:
- «Aliyevning xavotirlari oqibatida fizika va mantiq bilan bog‘liq muammolari yuzaga chiqdi»
Ba’zi sharhlar halokatni Ukraina harakatlari bilan bog‘lamoqda:
- «Ukraina droni samolyotni urib tushirgan bo‘lishi mumkin»
- «Ukraina Rossiyaga pand berishi uchun o‘z dronini samolyot yonida portlatib yubordi»
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 29 dekabr kuni mamlakat televideniyesiga bergan intervyusida Rossiya AZAL samolyotining Oqtovda qulashi sabablarini «bosti-bosti» qilmoqchi bo‘lganidan afsusda ekanini aytdi. Shuningdek, halokat sabablarining dastlabki versiyalari samolyotga Rossiya hududida «tashqi ta’sir bo‘lganini» ko‘rsatayotganini, samolyot Rossiya «radioelektron kurash vositalari bilan boshqarib bo‘lmaydigan holatga keltirilganini» ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya voqeadagi aybini zudlik bilan tan olib, Ozarboyjondan kechirim so‘rashi kerak. «Afsuski, dastlabki uch kun davomida biz Rossiyadan uydirma versiyalardan boshqa hech narsa eshitmadik», deb xulosa qildi Aliyev.
6 yanvar kuni Ilhom Aliyev aviahalokatda qurbon bo‘lgan ekipaj oila a’zolari va tirik qolgan bort kuzatuvchilar oila a’zolari bilan uchrashdi va yana bir bor Rossiyadan «adolat, aybdorlar jazolanishini, to‘liq shaffoflikni va insoniy xulq-atvorni» talab qildi.