Bayden AQSh qirg‘oqlari yaqinida dengizda neft va gaz burg‘ulashni rasman taqiqladi

Jahon 18:44 / 06.01.2025 1606

AQSh prezidenti Jo Bayden Atlantika va Tinch okeani sohillarida neft va gaz qazib olish ishlarini rasman taqiqladi, deb xabar berdi Oq uy matbuot xizmati. Taqiq 625 million akrdan (taxminan 253 mln gektar) ortiq okeanga taalluqlidir. Ushbu qaror dengiz ekotizimini, shuningdek, mahalliy iqtisodiyotni, jumladan baliqchilik va turizmni neftning to‘kilishi va dengizda burg‘ulashning boshqa oqibatlaridan saqlab qolish zarurati bilan izohlanadi.

«Amerikaliklarning qariyb qirq foizi qirg‘oqbo‘yi okruglarida yashaydi va ularning farovonligi toza okeanga bog‘liq. Prezident Bayden bugungi harakatlari bilan bu hududlar toza va neft to‘kilishi xavfidan himoyalangan bo‘lishini ta’minlaydi», deyiladi xabarda.

Oq uy, shuningdek, ushbu farmonlar bilan Jo Bayden 670 million akr (taxminan 271 mln gektar) Amerika hududi va suvlarini saqlab qolganini, bu «AQSh tarixidagi boshqa prezidentlar ko‘rgan choralardan ko‘proq» ekanligini ma’lum qildi.

Burg‘ulash taqiqi AQSh butun Sharqiy qirg‘og‘i va Meksika ko‘rfazining sharqiy qismiga, Kaliforniya, Oregon va Vashington bo‘ylab Tinch okeani sohillariga hamda Alyaska atrofidagi Bering dengiziga tegishli.

Ko‘proq yangiliklar: