2024 yil noyabr oyida tarmoqlarda xalqaro imtihonlarda yuqori ball olgan yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilmayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev Kun.uz muxbirining savoliga javoban tez kunlarda xarajatlar to‘lab berilishini ma’lum qilgandi. “Yuqori ball to‘plagan yoshlar biz prognoz qilganimizdan ko‘proqni tashkil qildi. Shu sababli biz agentlik budjetiga qo‘shimcha mablag‘ uchun manba topishimiz kerak”, – degandi u.
27 dekabr kuni Adliya vazirligi bu borada ma’lumot berdi.
Vazirlik o‘tkazgan monitoringda aniqlanishicha, xalqaro imtihon tizimlarida yuqori ball olgan 309 nafar yoshning puli to‘lab berilmagan. Vazirlik Yoshlar ishlari agentligiga imtihon topshirish xarajatlarini ma’muriy reglamentga muvofiq to‘liq qoplab berilishini ta’minlash yuzasidan taqdimnoma kiritgan.
“Mazkur taqdimnoma ijrosi natijasida jami 132 nafar yoshlarning 236 850 000 so‘m miqdoridagi imtihon topshirish xarajatlarining to‘liq qoplab berilishi ta’minlandi. Bugungi kunda vakolatli organ tomonidan qolgan 177 nafar yoshlarning imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda”, – deyilgan adliya axborotida.
Qayd etilishicha, aniqlangan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan agentlik mas’ul xodimi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.