Tadbirkorlarni elektrdan qarzi uchun tarmoqdan uzishni to‘xtatish rejalashtirilyapti

O‘zbekiston 17:42 / 04.01.2025 3405

Tadbirkorlarni elektrdan qarzi uchun ogohlantirishsiz tarmoqdan uzish to‘xtatilishi rejalashtirilyapti. Bu haqda “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida keltirib o‘tilgan.

Hujjatda ko‘rsatilgan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, elektr energiyasini behuda sarflash, jumladan, undan binolarni yoritish uchun foydalanish tushunchasi va tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat turlarining xususiyatini inobatga olib, belgilangan moliyaviy va ma’muriy jarima miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi. Xususan, jarimadan qarzdorligi hisobiga tarmoqdan uzish o‘rniga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi mumkin.

“O‘zenergoinspeksiya”, Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasi bu borada qonun loyihasini ishlab chiqib, 2025 yil martigacha ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, mas’ul vazirlik va korxonalarga tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirish kiritish yuzasidan qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Bunda:

iste’molchi tomonidan tabiiy gazni yetkazib berish uchun belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda iste’molchi tabiiy gaz uchun to‘lovni amalga oshirish zarurligi haqida avtomatik tarzda (ovozli qo‘ng‘iroq yoki SMS xabar yordamida) xabardor qilinadi;

bir ish kuni davomida to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda gaz ta’minoti to‘xtatiladi.

Respublika bo‘yicha korporativ iste’molchilar to‘lovlarini yagona shaxsiy varaqda yuritish bo‘yicha tizim joriy qilish yuzasidan “Hududgazta’minot” AJ tomonidan ichki buyruq qabul qilish va hududiy filiallarda amaliyotga joriy qilish rejalashtirilgan.

Avvalroq yuridik shaxslarga ham elektrga to‘lovlarni mobil ilovalar orqali amalga oshirish imkoni yaratilishi mumkinligi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: