Amerikaning Politico jurnali 15 nafar futurolog, olim va tahlilchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida «qora oqqushlar» ro‘yxatini taqdim etdi. «Qora oqqushlar» - dunyodagi vaziyatni yaxshi yoki yomon tomonga keskin o‘zgartiradigan voqealar, bu atama amerikalik siyosatshunos Nasim Tolib tomonidan kiritilgan.
2025 yil uchun «qora oqqushlar» ro‘yxatiga energiya xavfsizligi inqirozi, Qo‘shma Shtatlardagi keng ko‘lamli epidemiya va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflar kiritilgan.
Jurnal AQSh bo‘lajak prezidenti Donald Trampning ichki siyosati va shtat chegaralaridagi ehtimoliy o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan to‘qnashuvlarni bashorat qilmoqda.
Iqtisodchilar, Xitoy kelajakda AQSh bilan savdo urushlarida qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan sun’iy intellektning eksponent ravishda ortib borayotgan imkoniyatlaridan kelib chiqadigan ko‘plab tahdidlar haqida ogohlantirmoqda. Mutaxassislar tarixdagi eng yirik kiberhujum va oqibatda bozorlarning yirik qulashi haqida ogohlantiryapti.
Ehtimoliy siyosiy bo‘hronlar orasida jurnal Tramp va Si Jinping o‘rtasidagi alyans, Eron yadro qurolini ishlab chiqishni to‘xtatishi va aksincha, Janubiy Koreyaning o‘z yadroviy arsenalini yashirin yaratish jarayoni atrofidagi diplomatik o‘yinlar haqida taxmin qilyapti.
Jurnal 2025 yilda jahon xavfsizligiga tahdid soladigan asosiy xavflarni yadro qurolidan harbiy maqsadlarda foydalanish ehtimoli bilan bog‘laydi. Shu bilan birga, ekspertlar Isroil-Falastin mojarosining yechimi borasida hech qanday optimizm bildirmayapti. Siyosatshunoslar Belarusda ehtimoliy davlat to‘ntarishi va Svetlana Tixanovskayaning hokimiyat tepasiga kelishi haqida ham taxmin qilgan.