2024 yil O‘zbekistonda moliyaviy piramidalar yili bo‘ldi desak xato emas: yil odamlarni powerbank ijarasiga pul tikish orqali katta daromad olishga ishontirgan “Parker” moliyaviy piramidasi bilan boshlangan bo‘lsa, video ko‘rish orqali pul topishni targ‘ib qilgan HNK media kompaniyasi bilan yakuniga yetdi. Bu orada o‘zbekistonliklar quyosh panellariga pul tikishga chaqirilgan “Sun Eco”, video ko‘rish orqali pul ishlash aytilgan Whats va Aif, tabiat g‘amxo‘ri niqobidagi “Blue culture”, sovg‘a ulashuvchi “Dari poluchay” kabi moliyaviy piramidalarga chuv tushdi. Hatto ularning “xizmatlarini” telekanal va gazetalar, mahalla raisi, ta’lim muassasalari rahbarlari ham faol targ‘ib qilishga kirishdi. Buning oqibatida esa minglab o‘zbekistonliklar ushbu loyihalarga pul tikib, chuv tushdi.
Bu kabi moliyaviy piramidalar va pul evaziga ma’lum bir ishni oson bajarib berish va’dasiga asoslangan turli firibgarliklar hamon davom etmoqda.
Masdar’ni niqob qilganlar
Yil boshida quyosh panellari bilan bog‘liq “Sun Eco” nomli moliyaviy piramida paydo bo‘lgandi. Masdar loyihasi ham quyosh panellari bilan bog‘liq.
Masdar kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurayotgani ortidan tanish nomga aylangan. Bu nom nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoga tanish. Moliyaviy piramidachilar shu sababli uning nomidan foydalangan. Xuddi Whats’chilar WhatsApp nomidan foydalangani kabi.
Masdar moliyaviy piramidasi ham har doimgi “ustun”ga qurilgan: ma’lum miqdorda pul tikasiz va daromad olasiz. Daromad keltiruvchi manba sifatida esa quyosh panellari keltirilgan.
Qayd etilishicha, agar 220 ming so‘m tikilsa, kuniga 9240 so‘m, 180 kunga 1 mln 663 ming so‘m daromad olinadi. Ko‘proq pul tikilsa, kunlik daromad ham oshib boradi. Shuningdek, boshqalarni taklif qilish evaziga ham bonus olish mumkinligi keltirilgan. Bu va’dalar odamlarni chuv tushirish uchun ishlatilgan “xo‘rak” xolos.
Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi rasmiy saytida bu kabi loyiha haqida ma’lumot yo‘q. Aslida buni aniqlab ko‘rish qiyin ish ham emas. Biroq birdaniga mo‘may daromad topishga va aldanishga moyil insonlar har doim chuv tushib kelgan.
No‘noq ovchi oqsoq quyonni ko‘zlaydi
Tredinglarning 1 mln so‘m pulni 2 soatda 19 mln so‘m qilib qaytarib berish haqidagi yolg‘oniga ishongan har qanday odamni “oqsoq quyon” deyish mumkin va ular doim no‘noq “ovchi”ning o‘ljasiga aylangan. Chunki ozgina bo‘lsa-da iqtisodiy bilimga ega va atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalardan xabardor inson bu safsataga ishonmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda insonlarning pulini bir necha soatda ko‘paytirib berishni va’da qilayotgan tredingchilar faollashib qoldi. Ularning yolg‘oniga esa ko‘plab insonlar chuv tushmoqda.
Masalan, Telegram’dagi shunday kanallardan birida (qariyb 31 ming obunachiga ega) 1 mln so‘m pulni 2 soatda 19 mln so‘m qilib ko‘paytirib berish va’da qilinmoqda.
O‘ziga “Komiljon Treding” deya nom qo‘yib olgan kanal admini tikiladigan pul mablag‘ini Shoxsan Dodojobirova nomidagi kartaga tashlashni so‘ramoqda. Odamlardan o‘marilgan ushbu mablag‘lar katta ehtimol bilan kriptoaktivlar yoki boshqa ko‘rinishda chet davlatga chiqarib yuboriladi va “izi” yo‘qotiladi.
Telegram’da bu kabi o‘nlab kanal va guruhlar bor va ular faol ravishda odamlarni aldashda davom etmoqda. Hatto ayrim fuqarolar ma’lum bir haq evaziga yoki aldov yo‘li bilan (rahmat aytib videolavha qilib bersangiz pulingizni tashlab beraman, deya aldangan bo‘lishi mumkin) pulini qisqa vaqtda ko‘paytirib olganini va bu rostligini aytmoqda.
Aslida dunyoning biror bir davlatida bunaqa iqtisodiy samaradorlik yo‘q. Bu shunchaki yolg‘on va odamlarning pulini o‘marish xolos.
“Prava” kerakmi, muammosiz”
Ijtimoiy tarmoqlarda 1-2 kunda haydovchilik guvohnomasini olib berish haqidagi aldovlar yana avj olmoqda. Bu turdagi firibgarlik oldin ham kuzatilgan va ushbu ish bilan shug‘ullangan bir guruh jinoyatchilar qo‘lga olingandi.
Pul evaziga qisqa muddatda “prava” olib berishni aytayotganlar buni odamlarning pulini o‘marish uchun o‘ylab topgan.
Sxema qanday ishlaydi: sizga pul evaziga 1-2 kunda hech qanday imtihon va boshqa tashvishlarsiz haydovchilik guvohnomasi olib berish va’da qilinadi. “Pulni to‘laysiz, biz esa haydovchilik guvohnomasini olib, sizga pochta orqali jo‘natib yuboramiz. Bizda hammasi qonuniy”, deydi “ishbilarmon”.
Ushbu xizmat uchun ochilgan guruh va kanallarda mijozlar nomiga olingan haydovchilik guvohnomalarining soxta suratlari va hujjatlar joylashtirib boriladi.
Hatto pul evaziga ayrimlar “Mana, 2 kunda “pravam”ni oldim. Hammasi rost ekan. “GAI”ga ham tekshirtirdim, soxta emas”, deya gapirib beradi. Bularni ko‘rgach esa ushbu yolg‘onga chuv tushib, pulidan ayrilayotganlar uchramoqda.
“B” toifa 4 mln so‘m, “VS” toifa esa 4,8 mln so‘m. Firibgarlar hatto 2 mln so‘mga avtomaktabda o‘qiganlik to‘g‘risida guvohnoma hamda agar mast holatda mashina boshqarib, haydovchilik guvohnomangizdan ayrilgan bo‘lsangiz, 5 mln so‘mga uniyam hal qilib berishni va’da qilishadi. To‘lov esa kartaga pul o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Bu yerda yolg‘on oddiy: mijoz ishonib pul tashlaydi va firibgar uni bloklab, g‘oyib bo‘ladi, tamom. Afsuski, bu firibgarlik ekani yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, unga aldanayotganlar bor.
Kun.uz yurtdoshlarimizni doim ogoh bo‘lishga, o‘z mablag‘larini shubhali loyihalarga tikmaslikka va aldanib qolmaslikka chaqiradi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz