1 yanvar, chorshanba kuni kechqurun Rossiyaning beshta aeroporti xavfsizlik nuqtayi nazaridan yopildi. Bu haqda Federal havo transporti agentligi (Rosaviatsiya) matbuot kotibi Artem Korenyako ma’lum qildi.
Aeroportlar dron hujumlari fonida yopildi
«Fuqarolik samolyotlarining parvozlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida bugun kechqurun beshta aeroportda vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi», — deb yozdi u Telegramʼda. Korenyakoning so‘zlariga ko‘ra, Kaluga, Penza, Saransk, Saratov va Ulyanovsk aeroportlari reyslarni qabul qilmaydi va jo‘natmaydi. Bir soatdan keyin u Kalugada cheklovlar olib tashlanganini e’lon qildi.
Rasmiy aeroportlarning vaqtincha yopilishining aniq sabablarini aytmadi. Ammo chorshanba kuni kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi Markaziy Rossiyaning bir qancha hududlari: Belgorod, Kursk, Voronej, Bryansk, Rostov, Tula va Oryol oblastlari ustida Ukraina uchuvchisiz uchoqlari yo‘q qilinganini e’lon qildi.
Rostov oblasti rahbari Yuriy Slyusar mintaqa uzra beshta dron urib tushirilgani haqida xabar berdi. Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov ham dron hujumi haqida xabar berdi.
Urush boshlanganidan beri Rossiyaning 10 ta aeroporti yopiq
Ukrainada urush boshlanganidan keyin deyarli uch yil davomida Rossiya Federatsiyasining markaziy va janubiy qismlarida to‘qqizta aeroport yopiq qolmoqda: Anapa, Belgorod, Bryansk, Voronej, Gelendjik, Krasnodar, Kursk, Lipetsk, Rostov-Don. Qrimdagi Simferopol aeroporti ham yopilgan.