Adolat so‘ragan G‘ayrat Do‘stov va vakolati kengaygan hokimlar - hafta dayjesti

O‘zbekiston 22:53 / 04.01.2025 10355

Metanga navbatlardan shikoyat qilgan haydovchining qamalishi: ijtimoiy bosim ortidan u ozod qilindi. Ai-80 benzini 18 foizga qimmatlashdi: 2025 yilgi infyalsiya ham yoqilg‘i-energetika sohasidan boshlandi. Hokimlarning vakolatlari kengaydi: endi ular 6 ta vazirlikning tuman bo‘limlari boshliqlarini almashtirish huquqiga ega. Ortda qolayotgan haftaning muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.

Boshingizni ko‘taring, mana shuncha odam hammasi siz tarafda”

Juma kungi sud majlisida G‘ayrat Do‘stovga qarata aytilgan bu gap yakunlanayotgan haftaning ijtimoiy kayfiyatini yaxshi tasvirlab beradi. Metan-shoxobchaga tuni bilan navbat kutib, navbati kelganida shoxobcha yopilganidan yozg‘irgan va alamli so‘zlari bilan energetika sohasi mas’ullarini insofga chaqirgan Damas haydovchisining qamab qo‘yilgani, katta rezonansni keltirib chiqardi.

Tarmoqlarda minglab o‘zbekistonliklar, jamoatchilik faollari, huquqshunoslar, inson huquqlari himoyachilari oddiy fuqaroga nisbatan adolatsizlik bo‘lganini qat’iyan qoraladi. Kimdir tashvishli mushohada bilan, kimdir esa g‘azab tagiga yashiringan umidsizlik bilan haydovchi nohaq qamalganidan noroziligini bildirib izoh yozdi. Habikatura muallifi chizgan surat asosidagi fleshmobga 66 mingdan ortiq odam qo‘shilib, Do‘stovni ozod etishga chaqirdi. Ijaraga olingan Damas'da tirikchilik qilishini aytgan haydovchini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan xayriya aksiyalarida 100 mln so‘m mablag‘ to‘plandi.

3 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya sudida G‘ayrat Do‘stovni ko‘ngilli ravishda 10 nafar advokat himoya qildi. Ular huquqiy asoslar ko‘rsatgan holda, suddan Do‘stovni aybsiz deb topishni, birinchi instansiya sudining qarorini bekor qilishni so‘radi. Do‘stov ham o‘z nutqida sudyadan adolat so‘radi: “Suddan so‘raydigan narsam... Mening tushunchamda, O‘zbekistonda qonunlar juda yaxshi ishlab chiqilgan. Shuning hammasiga adolatli ish yuritilsa, har tomonlama... [yaxshi bo‘lardi]”.

Apellyatsiya sudi himoyachilarning iltimosini faqatgina qisman qanoatlantirdi: Do‘stov rasman aybdorligicha qoldi, lekin unga berilgan 15 sutkalik qamoq jazosi amalda o‘tab bo‘lingan 8 sutkaga qisqartirildi va u sud zalidan ozodlikka chiqarildi.

Ro‘y bergan voqeada yana ikki jihat e’tiborli. Muhokama markazidagi mavzuda gaz defitsiti, so‘z erkinligi, sudlarning mustaqilligi, adolat va qonun ustuvorligi haqida gap ketayotganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar gapni Do‘stovning shaxsiyati va oilaviy muammolariga burishga urindi. Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov esa, Do‘stovni ochiqchasiga tanqid qilib chiqdi.

Metan bolaga tushunmadim. Baraka topgur, o‘zingni qadrla, g‘ayratingni bayramdan keyin qil. Vazifasi surishtirish bo‘lgan idoralar surishtirishga majbur. Bayramni bolalaring oldida emas, surishtiruv izolyatorida o‘tkazishing aniq edi-ku?” – deya yozdi Alisher Qodirov.

Eng arzon benzin – endi 8150 so‘m

Qay tariqa xususiylashtirilgani noma’lum bo‘lib qolayotgan O‘zbekistondagi eng yirik AYoQShlar tarmog‘ida Ai-80 markali benzinning narxi keskin oshdi. 1 yanvardan boshlab, sobiq nomi UNG Petro bo‘lgan Carvon AYoQShlarida eng arzon benzin 18 foizga qimmatlashib, 6900 so‘mdan 8150 so‘mgacha ko‘tarildi.

O‘tgan yili 1 yanvardagi narx oshishini ham qo‘shib hisoblaganda, oxirgi 1 yilda Ai-80 naq 34 foizga qimmatlashgani ayon bo‘ladi.

Shoxobchalar tarmog‘ining sobiq egasi “O‘zbekneftgaz”ning ma’lum qilishicha, 1 yanvardan boshlab Buxoro neftni qayta ishlash zavodining barcha turdagi neft mahsulotlari faqat birja orqali sotila boshlagan. Shu tariqa, Carvon'ning UNG Petro'dan meros qilib olgan benzinni birjadan tashqari olish bo‘yicha eksklyuziv huquqi bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 70 ta benzin quyish shoxobchalarini o‘zida birlashtirgan UNG Petro va Chinoz neftni qayta ishlash zavodi qachon, qay tariqa, qancha narxga xususiylashtirilgani bir yildan beri noma’lum bo‘lib qolmoqda. Davlat idoralari ham, aktivlarning yangi egasi bo‘lmish sobiq tashqi ishlar vazirining o‘g‘li Doniyor Komilov ham bu borada izoh bermagan.

Kamchilikka yo‘l qo‘ymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulangan”

O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari uchun alohida tariflar joriy etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Energetika vazirligining xabar berishicha, iste’mol ko‘p bo‘ladigan tig‘iz vaqtlar – ertalab soat 6:00 dan 10:00 gacha, kechqurun soat 17:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida zaryadlash stansiyalari uchun oshirilgan tarif, tungi vaqtda esa 50 foizgacha arzonlashtirilgan tarif qo‘llanishi mo‘ljallanmoqda.

Vazirlik quvvatlash stansiyalari elektrdan uzib qo‘yilgani bo‘yicha ham izoh berdi. Vazir o‘rinbosari Umid Mamadaminovning so‘zlaridan kelib chiqilsa, dekabr oyi o‘rtalarida “tegishli idoralar” o‘tkazgan reydda xato-kamchiligi bo‘lmagan stansiyalar ham elektrdan uzib qo‘yilgan. Kamchiligi bo‘lmasa, nega uzilgan degan savol vazir o‘rinbosarining bayonotida ochiq qolgan.

Energetika vazirligining aralashuvidan so‘ng, faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulangan. Faqat texnik shartlar va boshqa majburiyatlarga doir muammolarga ega bo‘lgan 11 dona stansiyaga hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilib olgunga qadar qonunchilikda belgilangan oraliqda muddat belgilangan. Ayni paytgacha ular ham tarmoqqa ulangan bo‘lib, bugun Toshkent shahrida o‘chirilgan bironta ham quvvantirish stansiyasi yo‘q”, – dedi Mamadaminov.

Iqtisodiyotda yana nima gaplar?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yilning so‘nggi kunlarida imzolagan hujjatlar bilan, tadbirkorlik sub’yektlari uchun ayrim yangiliklar joriy etildi. Avvalo, narxlar barqarorligini saqlash uchun, 60 turdagi mahsulotlarga bojsiz import rejimi yana bir yilga uzaytirilganini qayd etish lozim. Bu tovarlar ro‘yxatidan un, yog‘, saryog‘, tuxum, banan, sitrus mevalar, yogurt, ayrim turdagi qandolat mahsulotlari va boshqa oziq-ovqatlar, shuningdek, ba’zi gigiyenik tovarlar o‘rin olgan. 22 turdagi mahsulotlar uchun import bojining nol stavkasi to‘rtinchi marta uzaytirilmoqda. Avvalroq iqtisodchilar har safar imtiyoz muddatini uzaytirish o‘rniga, bojsiz rejimni doimiy deb belgilashni taklif qilgandi.

1 yanvardan boshlab, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning talablaridan yana biri bajarildi: eksportchilarning transport xarajatlarini kompensatsiya qilish to‘xtatildi. Eksportchilarga foyda solig‘i va aylanmadan soliq bo‘yicha berilgan imtiyozlar ham bekor qilindi. Ma’lumot uchun, eksportga yo‘naltirilgan transport xarajatlarining 50 foizini qoplashga 2023 yilda davlat budjetidan 510 mlrd, 2024 yilda 134 mlrd so‘m ajratilgan.

Bundan tashqari, prezident farmoni bilan, qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari 2028 yilgacha oshirilmasligi belgilab qo‘yildi. Dorixonalar va klinikalar 1 apreldan boshlab QQS to‘lashga o‘tadi. Shuningdek, 1 yanvardan boshlab restoran va kafelar uchun foyda solig‘i 50 foizga kamaytirilib, QQS to‘lashga o‘tgan taqdirda to‘langan soliqning bir qismi “keshbek” sifatida qaytariladi.

Boshqa bir farmon bilan, Asakabank, Aloqabank va Sanoatqurilishbankni xususiylashtirish muddati yana uzaytirilib, joriy yil oxirigacha bu banklardagi davlat ulishini sotish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, davlat banklari bu yil ham mahallabay kredit tarqatishda davom etadi. Juma kungi yig‘ilishda 1 fevralgacha tuman banklari filiallarida mahallabay ishlash bo‘limlarini ochib, ularga mahalla bankirlarini tayinlash topshirig‘i berildi. Har bir mahallada mahalla bankirlari bilan birga ishlaydigan yordamchi-agentlar tanlab olinadi. “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida moliyalashtiriladigan loyihalarning jami qiymati 1 mlrd dollarni tashkil etadi.

1 yanvardan nimalar o‘zgardi?

2025 yil 1 yanvardan yana nimalar o‘zgarayotganini sanab o‘tamiz. Oylik maoshlardan boshlasak. Endilikda milliy sertifikatga ega ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari o‘qituvchilariga avvalgidek 20 foiz emas, 50 foizlik ustama to‘lanadi. Vazir jamg‘armasi hisobidan bog‘chalarning rahbarlari va pedagoglarini ham rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yiladi. Madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida xodimlarning maoshi 20 foizga oshirildi (ularning maoshi 1 iyuldan yana 15 foizga ko‘tariladi).

1 yanvardan boshlab, Toshkentdagi avtobus haydovchilari faoliyatida ham o‘zgarish bo‘ldi: ular yo‘lovchilardan yo‘lkirani naqd shaklda olish va qaytim qaytarish majburiyatidan xalos bo‘ldi. Poytaxt hokimining qaroriga asosan, endi shahar avtobuslarida naqd shaklda to‘lov qabul qilinmaydi. Yo‘lkirani karta yoki mobil ilovalar orqali to‘lash kerak, yoki bo‘lmasa, infokioskdan bir martalik chipta xarid qilishga to‘g‘ri keladi. Naqdsiz to‘lovlarda yo‘lkira 1700 so‘mligicha qolgan bo‘lsa, infokioskdan olinadigan chipta narxi 3000 so‘m deb belgilangan.

Kuchga kirgan o‘zgarishlarning ba’zilari ijtimoiy himoya sohasiga oid. Endilikda kambag‘al oilalarning farzandlari davlat bog‘chalariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi. Bog‘chalarda inklyuziv ta’lim guruhlari ochiladi; fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni o‘tkazishda majburiy tarzda surdotarjimonlar ishtiroki ta’minlanadi; nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratmagan xususiy ta’lim va tibbiyot maskanlariga litsenziya berilmaydi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil shaxslarning reyestrini yurita boshlashi kerak.

Davlat boshqaruvi sohasidagi o‘zgarishlarga kelsak, hokimlar qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ldi. Endi tuman (shahar) hokimlari 6 ta vazirlikning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlarini lavozimga tayinlash va ishdan olish, rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish huquqiga ega bo‘ldi. Bunda, tegishli vazirlikning hududiy boshqarmasi bilan kelishish talab etiladi. Sud tizimida esa, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etilmoqda. Ular sudga qadar ish yurituv davrida qamoqqa olish, tintuv o‘tkazish kabi protsessual qarorlarga sanksiya berish bilan shug‘ullanadi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Bekobodda fuqaroni urib o‘ldirib qo‘ygan ichki ishlar xodimi 9 yilga qamaldi. Voqea o‘tgan yili iyun oyida ro‘y bergandi. Sud hukmida yozilishicha, 33 yoshli profilaktika inspektori Firdavs Muradullayev idoraga olib kelingan ikki aka-ukani do‘pposlab, ulardan biriga og‘ir tan jarohati yetkazgan, natijada 43 yoshli fuqaro IIB binosida jon bergan. Voqea videoda yozilib qolgan bo‘lsa ham, Muradullayev sudda o‘z aybini tan olmagan. Sud hukmi bilan, u 3 yil ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining sobiq raisi qidiruvga berildi. Kamoliddin Murodov mast holatda mashina boshqarib, mashina ichidagi hamrohining o‘limiga sabab bo‘lganlikda gumonlanib sudlanayotgan vaqtda, sud majlislariga kelmay qo‘ygan. Natijada Qarshi shahar sudi unga nisbatan sirtdan qamoq chorasini qo‘llab, qidiruv e’lon qilgan. Sudya bungacha mashina boshqaruvida o‘zi bo‘lganini rad etib kelgan, lekin ekspertiza rulda aynan u bo‘lganini tasdiqlagan.

Putin noqonuniy migrantlarga Rossiyani tark etish uchun muhlat berdi. Rossiya prezidenti imzolagan farmonga ko‘ra, noqonuniy migrantlar 2025 yil 30 aprelgacha mamlakatni tark etishi yoki o‘z holatini qonuniylashtirishi kerak. Ikkinchi yo‘lni tanlaganlar rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirishi va boshqa talablarni bajarishiga to‘g‘ri keladi. 5 fevraldan boshlab, ichki ishlar organlari noqonuniy migrantlarni sud qarorisiz mamlakatdan chiqarib yuborish vakolatiga ega bo‘ladi.

Statistika agentligi 2024 yil uchun palov indeksini e’lon qildi. Unga ko‘ra, yil davomida osh markazlarida sotilayotgan palov narxi Andijonda 29 foizga, Farg‘onada 24 foizga qimmatlashgan; Toshkentda bir porsiya osh narxi 20,5 foizga oshib, o‘rtacha 35 700 so‘mga yetgan. Sirdaryo viloyatida 2024 yilda palov narxlari atigi 2 foizga ko‘tarilgani e’tiborli. Umuman, statistika organining ma’lum qilishicha, 2024 yilda inflatsiya 9,8 foiz bo‘lgan. Rasmiylar o‘tgan yili oziq-ovqatlar narxi o‘rtacha hisobda bor-yo‘g‘i 2,4 foizga oshgan deb hisoblamoqda. Shuningdek, nooziq-ovqat tovarlari 7,7 foizga, xizmatlar esa 26,7 foizga qimmatlashgan.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Ko‘proq yangiliklar: